IIV Akademiyasida sirtqi taʼlim tinglovchilarining bitiruv marosimiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi
2025-04-29 13:30:00 / Yangiliklar

Tadbir avvalida oʻquv dargohi boshligʻi Rustam Xatamov soʻz olib, ichki ishlar organlari tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning dolzarb ahamiyatiga toʻxtaldi.
Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda ichki ishlar organlarining qiyofasi tubdan oʻzgardi. Soha xodimlarining faoliyati bevosita aholi muammolarini hal qilishga, mahallalarda xavfsiz va osoyishta muhitni qaror toptirishga yoʻnaltirildi. Hududlarda yangi tajribalar joriy qilinib, jinoyatchilikni jilovlashning samarali tizimlari yaratildi.
Akademiya boshligʻi barcha sohalarda boʻlgani kabi ichki ishlar tizimida ham yuksak malakali, zamonaviy fikrlaydigan, oʻz kasbiga, Vatanimiz va xalqimizga sodiq kadrlar islohotlar taqdirini belgilab berishini alohida qayd etdi. Ana shu maqsadda akademiyadagi taʼlim jarayonlari isloh qilinib, ilgʻor yondashuvlar keng tatbiq etib kelinayotganini taʼkidladi.
“Oʻqish davrida olgan bilim va koʻnikmalaringiz behuda ketmasligi kerak. Zero, bugungi murakkab sharoitda eskicha dunyoqarash bilan ishlab boʻlmaydi. Mamlakatimizda kechayotgan oʻzgarishlar barchamizdan yuksak vatanparvarlik, halollik, tashabbuskorlik, shaxsiy javobgarlik fazilatlarini namoyon etishni talab qilmoqda”, - dedi oʻquv dargohi boshligʻi.
Shundan soʻng bitiruvlarga “yurist” malakasini beruvchi bakalavr diplomlari tantanali ravishda topshirildi. Oʻqish davrida safdoshlariga oʻrnak boʻlgan tinglovchilar akademiya faxriy yorliqlarini qabul qilib oldilar.
Bitiruvchilar nomidan soʻzga chiqqan Mahmudjon Qutlimuratov va Zarnigor Aliverdiyeva taʼlim bergan ustozlari mehnatini eʼtirof etib, davlatimiz, xalqimiz va Prezidentimiz bildirgan ishonchni yuksak masʼuliyat bilan oqlashga vaʼda berdilar.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati







