Namanganda “qizil” toifadagi mahallalar oʻrganilmoqda
2025-04-29 13:10:00 / Yangiliklar

Namangan viloyatida jinoyatchilikning oldini olish, jamoat xavfsizligini taʼminlash va aholi farovonligini oshirish maqsadida ichki ishlar organlari tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilning birinchi choragi yakuniga koʻra “qizil” toifaga kiritilgan mahallalardagi mavjud holatni oʻrganish, kamchiliklarni bartaraf etish va samarali chora-tadbirlar belgilash maqsadida Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati boshchiligida ishchi guruh shakllantirildi.
Ushbu ishchi guruh Namangan shahridagi 4-sonli “Huquq-tartibot maskani“ hamda “Sharq tongi“, “Chorsu“ va “Boburshoh“ mahallalarida boʻlib, jinoyat holatlarini tahlil qildi. Shuningdek, Davlatobod tumanidagi “Yangi Tong“, “Xalqlar doʻstligi“ va Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi “Isvaxon“ mahallalarida ham oʻrganish ishlari olib borildi.
Tahlillar jarayonida ushbu mahallalarning “qizil” toifaga kiritilishiga turli omillar sabab boʻlgani aniqlandi. Jumladan, mahalla yettiliklari va hududlarga biriktirilgan masʼul xodimlar tomonidan manzilli chora-tadbirlar belgilanmagani, PQ-1-sonli Qaror asosida yetarlicha profilaktik faoliyat amalga oshirilmagani taʼkidlandi va bu holat keskin tanqid qilindi.
Masʼullarga jinoyatchilikka qarshi kurashni kuchaytirish, “mahallabay” va “xonadonbay” usulida ishlashni tashkil etish, aholi bilan doimiy muloqotda boʻlib, ularning muammolarini oʻrganish, xizmat koʻrsatuvchi obyektlar hamda xonadonlarni qoʻriqlashga olish, jamoat joylariga “tashvish tugmalari“ni oʻrnatish boʻyicha aniq vazifalar yuklatildi.
Shu tariqa, viloyatda xavfsiz va barqaror muhitni shakllantirish, jinoyatlarning oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashni yanada samarali tashkil etish maqsadida amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati









