Ichki ishlar vazirligi vakili sportning duatlon turi boʻyicha havaskorlar oʻrtasidagi Oʻzbekiston chempionatida faxrli 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi
2025-04-28 20:50:00 / Yangiliklar

Aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, ommaviy sportni rivojlantirish, havaskorlar oʻrtasida turli musobaqalar tashkil etish orqali ularni jismoniy faolligini ragʻbatlantirish borasida keng miqyosda sport tadbirlari tashkil etilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining topshirigʻi hamda Oʻzbekiston triatlon federatsiyasining sport tadbirlari taqvim rejasiga asosan, joriy yilning 27-aprel kuni “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi hamda unga tutash trassada oʻsmirlar, ayollar hamda havaskorlar oʻrtasida sportning duatlon (velo-yugurish) turi boʻyicha Oʻzbekiston chempionati oʻtkazildi.
Mazkur musobaqada oʻsmirlar 3 ta, havaskor ishtirokchilar esa 9 ta yosh toifasida gʻoliblik uchun kurash olib bordilar.
Chempionat yakuniga koʻra, yuzga yaqin ishtirok etgan havaskorlar oʻrtasida Ichki ishlar vazirligi jamoasi ham faollik koʻrsatdi. Vazirlik jamoasi tarkibida ishtirok etgan Maxsus operatsiyalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi, katta instruktor-oʻqituvchisi podpolkovnik Asxat Muslinkin faxrli 1-oʻrinni egallab, oltin medalini qoʻlga kiritdi.
Ushbu natija Ichki ishlar vazirligi tizimida sportga qaratilayotgan eʼtibor va xodimlarning jismoniy faollikka boʻlgan intilishining yana bir namunasidir.



