Ichki ishlar vaziri Aziz Tashpulatov tomonidan soha mutasaddilari ishtirokida fuqarolar uchun navbatdagi shaxsiy qabul tashkil etildi
2025-04-28 08:00:00 / Yangiliklar

Qabul jarayonida aholi tomonidan ichki ishlar organlari faoliyatiga doir murojaatlar, shuningdek, xizmatga (yoki oʻqishga) qabul qilish, lavozimga qayta tiklanish va boshqa qonuniy masalalar yuzasidan bildirilgan taklif va shikoyatlar atroflicha koʻrib chiqildi.
Tadbir doirasida jami 698 ta fuqarodan 475 ta murojaat qabul qilindi. Ulardan 441 tasi ichki ishlar organlari faoliyati bilan bevosita bogʻliq boʻlib, jumladan, 246 ta – xizmatga qayta tiklanish masalasi, 108 ta – surishtiruv va tergov jarayonlarida yuzaga kelgan muammolar, 40 ta – tergovga qadar tekshiruv hamda xodimlar faoliyati yuzasidan, 16 ta – xodimlarning ijtimoiy himoyasiga oid, 26 ta – ishga yoki oʻqishga qabul qilish, 5 ta – amnistiya (afv) etish va mahkumlarning huquqiy holatiga oid hamda boshqa masalalarni qamrab oldi.
Bundan tashqari, 21 ta murojaat orqali mahalliy darajadagi iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni hal etishga doir takliflar bildirildi. Qabul paytida 8 nafar fuqaro tomonidan minnatdorlik ifodalangan yozma murojaatlar ham taqdim etildi.
Taqdim etilgan murojaatlarning 121 tasi (25 foizi) tegishli tartibda ijobiy hal etilgan boʻlib, koʻrib chiqilishi vaqt talab qilganligi sababli 354 ta murojaat (75 foizi)ni oʻrganish masalasi qatʼiy nazoratga olindi.
Shuni alohida qayd etish joizki, murojaatlarni koʻrib chiqish jarayonida aholining real ehtiyoj va talablariga tayangan holda, uzoq vaqtdan buyon hal etilmagan muammolarni bartaraf etish, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va manfaatlarini amalda tiklashga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Hozirgi kunda ichki ishlar organlarining barcha darajadagi rahbarlari tomonidan joylarda fuqarolar bilan yuzma-yuz muloqotlar, jumladan sayyor qabullar barcha hududiy ichki ishlar organlarida ham tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.









