“E-material” axborot tizimi jinoyatlarni hisobga olish tizimini toʻliq raqamlashtirishga xizmat qiladi
2025-04-25 11:05:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan 2025 yil 28 mart kuni IIV Akademiyasiga tashrifi chogʻida berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan (2025 yil 6 aprelda tasdiqlangan) yoʻl xaritaning 1-bandida “Muloqot klubi” uchrashuvlariga IIV sohaviy xizmatlari rahbarlari va tajribali xodimlarini jalb etish vazifasi belgilangan.
Maʼlumki, 2025 yilning 5 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtkazilgan korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengash yigʻilishida korrupsiyaga qarshi kurashishning yana bir yoʻnalishi tariqasida huquqbuzarliklarni hisobga olish tizimida raqamli texnologiyalarni keng qoʻllash masalasi belgilab berildi.
Davlat rahbarining taʼkidlashicha, “102” xizmati orqali kelib tushgan jinoyat haqidagi xabarlarni avtomatik tarzda roʻyxatga olish, yaʼni, har bir murojaatni “raqamli izi” qoladigan tizim yaratilgani oʻz natijasini bergan.
Shu bilan birga, ayrim tuman va shahar ichki ishlar rahbarlari statistikani yaxshilash uchun jinoyatni yashirayotgani, roʻyxatga olishni oylab choʻzib yurish holatlariga ham yoʻl qoʻyilgan.
Mazkur kamchiliklar prezidentning tanqidiga sabab boʻlib, kelgusida shu kabi holatlarni oldini olish uchun, har bir mahalladagi profilaktika maskanlarini kuzatuv kamerasi va har bir inspektorni “bodi kamera” bilan taʼminlash, huquqbuzarliklarni roʻyxatga olish boʻyicha yangi platformani ishga tushirish lozimligi qayd etildi.
2025 yil 17 aprel kuni IIV Akademiyasida tashkil etilgan “Muloqot klubi” mashgʻulotlarining navbatdagi mashgʻulotida aynan ushbu vazifaning ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlarga bagʻishlandi. Tadbir amaliyot organ vakillari sifatida IIV Tashkiliy departamenti boshligʻining birinchi oʻrinbosari, podpolkovnik Yusupov Begzod Shavkatovich hamda IIV situatsion-tahliliy markazi boʻlimi boshligʻi, podpolkovnik Shohakimov Otabek Djalolovichlar taklif etildi.
Mashgʻulot davomida IIV Akademiyasi Magistratura tinglovchilari hamda bakalavriatning kunduzgi taʼlim shakli “Tashkiliy-shtab faoliyati” mutaxassisligi boʻyicha taʼlim olayotgan kursantlarga jinoyat va hodisalarga oid ariza, xabar va boshqa maʼlumotlarni qabul qilish, roʻyxatga olish va koʻrib chiqishda “E-material” axborot tizimidan foydalanish tartibi hamda uning afzalliklari yetkazildi.
Tadbirda kursantlarga kelgusida tashkiliy boʻlinmalarning xizmat qilish, xususan jinoyatlarni hisobga olishda “E-material” axborot tizimidan foydalanish qanday bilim va koʻnikmalarni egallashlari lozimligi haqida qimmatli tavsiyalar berildi.






