Qashqadaryo viloyat Yoshlar markazida ichki ishlar organlari xodimlari oʻrtasida “Namunali oila” koʻrik-tanlovining ilk bosqichi boʻlib oʻtdi
2025-04-24 16:00:00 / Yangiliklar

Unda boshqarma sohaviy xizmatlari va shahar-tuman Ichki ishlar boʻlimlarida xizmat qilayotgan xodimlar oila aʼzolari bilan ishtirok etishdi.
“Tanishtirish”, “Bu mening oilam” va “Biz kitobxon oilamiz” shartlari boʻyicha oʻzaro bellashuvlarda ishtirokchilar milliy raqs, sheʼr, qoʻshiq, xalq oʻyinlari va boshqa ijrochilik mahoratlari orqali sogʻlom, namunali oilaning jihatlari, erishgan yutuqlarini namoyish etib, fotosuratdan iborat elektron oilaviy fotoalbom hamda oʻzlarining jamiyatda tutgan oʻrni, kasbi, sevimli mashgʻuloti, oʻzaro oilaviy munosabatlar, oiladagi anʼana va qadriyatlarni aks ettiruvchi videorolik hamda oʻzbek va jahon adabiyotiga hissa qoʻshgan, buyuk mutafakkir va adiblar qalamiga mansub kitoblarning mazmun-mohiyati, gʻoyasi va ahamiyati boʻyicha bilet savollariga javob berishdi.
Boʻlib oʻtgan tanlovda barcha shartlarni aʼlo darajada bajargan Yakkabogʻ tuman ichki ishlar boʻlimi profilaktika inspektori mayor Baxodir Rajabov oilasi gʻoliblikni qoʻlga kiritib, 1-darajali diplom va pul mukofoti bilan taqdirlandi hamda musobaqaning respublika bosqichda ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻldi.
Navbatdagi oʻrinlarni esa Qarshi tumani ichki ishlar boʻlimi katta tezkor vakili mayor Jamshid Mirzayev va Kasbi tumani ichki ishlar boʻlimi profilaktika inspektori kapitan Otabek Qorayev band etib, 2-va 3-darajali diplom va pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati







