“Maʼnaviyat oyligi“ doirasida – Islom Karimov nomidagi memorial majmuaga tashrif
2025-04-24 13:00:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vazirligi tomonidan mamlakatimizda joriy yil 1-apreldan 30-aprelgacha “Xalqimizning xavfsizligi, tinchligi va osoyishtaligini saqlash – eng ustuvor vazifamiz!” shiori ostida “Maʼnaviyat oyligi” oʻtkazilmoqda. Ushbu oylik doirasida ichki ishlar organlarining tarkibiy tuzilmalari va hududiy boʻlinmalarida qator maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Oylik doirasida har bir hudud uchun maxsus tasdiqlangan “Maʼnaviyat marshruti” loyihasi asosida ichki ishlar organlari xodimlarining madaniyat obyektlari, muzeylar va ziyoratgohlarga tashrifi tashkil etilmoqda.
Bu tashriflar orqali xodimlarning maʼnaviy dunyoqarashini boyitish, milliy va tarixiy merosimizga boʻlgan hurmatni yanada oshirish maqsad qilingan.
Shu munosabat bilan, joriy yilning 17-aprel kuni Ichki ishlar vazirligi markaziy apparati xodimlari Toshkent shahrida joylashgan Islom Karimov nomidagi Ilmiy-maʼrifiy memorial majmuasiga tashrif buyurdilar.
Tashrif davomida ular mustaqil Oʻzbekiston asoschisi va birinchi Prezidenti Islom Karimovning boy ilmiy, siyosiy va maʼnaviy merosi bilan tanishdilar.
Majmuadagi eksponatlar, fotosuratlar va hujjatlar orqali mamlakatimiz tarixi, istiqlol yoʻlida bosib oʻtilgan muhim bosqichlar va erishilgan yutuqlar haqida keng maʼlumotlarga ega boʻldilar.
Shuningdek, xodimlar mamlakat taraqqiyoti va tinchligini saqlashda maʼnaviyat va axloqning oʻrni beqiyos ekanini yana bir bor angladilar.
Bunday tashriflar xodimlarning maʼnaviy kamolotiga xizmat qilish bilan birga, ularni oʻz kasbiy burchiga yanada masʼuliyat bilan yondashishga daʼvat etadi.
“Maʼnaviyat oyligi” doirasidagi bunday tadbirlar kelgusida ham izchil davom ettirilishi rejalashtirilgan.





