Navoiy viloyati IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi patrul-post xizmati xodimlari bilan nazariy mashgʻulotlar tashkil etildi
2024-01-10 10:00:00 / Yangiliklar

Gap shundaki, tunu-kun koʻchalarda jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarni oldini olishda patrul-post xizmati xodimlarining hissasi katta.
Patrul-post xodimlari endilikda faqat huquqbuzarni tayanch punktiga keltirish va holat yuzasidan IIB boshligʻi nomiga bildirgini yozish bilan cheklanib qolmaydi. Boisi, Oʻzbekiston Respublikasining “Ekologiya va jamoat tartibini saqlash sohalaridagi qonunchilikni takomillashtirilishi toʻgʻrisidagi 854 sonli qonuniga koʻra ularning xizmat vakolatlari kengaytirildi.
Qonunga muvofiq ichki ishlar organlari patrul-post xizmati boʻlinmalari xodimlari kelgusida ayrim qonun bandlariga koʻra huquqbuzarlarga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirish vakolatiga ega boʻldi.
Jumladan, epidemiologiya qoidalarini buzish, jamoat joylarida tamaki mahsulotini isteʼmol qilish, belgilanmagan joylarga turli koʻrinishdagi suyuq maishiy chiqindilarni toʻkish, it va mushuk boqish qoidalarini buzish, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda boʻlish, transport vositalari haydovchilarining toʻxtash yoki toʻxtab turish qoidalarini buzish, shuningdek, jamoat joylarida spirtli ichimlik isteʼmol qilish kabi holatlar boʻyicha maʼmuriy bayonnomalar tuzish harakatlari koʻzda tutilgan.
Muxtasar aytganda, qabul qilingan qarordan koʻzlangan maqsad kimnidir jazolash emas, balki xizmat sifatini yaxshilash, huquqbuzarliklarga qonuniy chora koʻrish hamda fuqarolar huquqlarini ishonchli himoya qilishdan iborat.
Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati


