Uch avlod uchrashuvi. Unutilmas taassurotlar
2025-04-21 23:00:00 / Yangiliklar

Nukus tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabda oʻtkazilgan «Uch avlod uchrashuvida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri maslahatchisi, isteʼfodagi polkovnik O. Turdaqov, Faxriylar kengashi raisi, isteʼfodagi podpolkovnik F. Sankibayev, kengash aʼzolari, tuman IIB xodimlari, shuningdek, maktab jamoasi ishtirok etdi.
Tadbir davomida faxriylar oʻzlarining mehnat yoʻli va xizmat davridagi voqealar toʻgʻrisida soʻzlab berishdi. Shu bilan birga, bugungi kunda yoshlarga yaratib berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanish zarurligi haqida soʻz yuritildi.
Mazkur maktab 2022-yilda Prezident farmoniga asosan tashkil etilgan boʻlib, zamonaviy turdagi kimyo, biologiya, fizika, robototexnika laboratoriyalari va kompyuterlar bilan taʼminlangan.
Hozirda bu yerda 30 nafar oʻqituvchi 196 nafar oʻquvchiga taʼlim berib kelmoqda. 2023-2024-oʻquv yilida bitiruvchilarning 85 foizi oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishga muvaffaq boʻlgan boʻlsa, hozirda 7 nafar oʻquvchi xalqaro IELTS sertifikati, 3 nafari chet tili, 2 nafari tarix, 1 nafari fizika fanlari boʻyicha milliy sertifikatga ega.
Uchrashuv kutilganidan ham aʼlo darajada oʻtdi, deb bemalol aytish mumkin.
Chunki zalga kirib kelgan mehmonlarning yurish-turishi, harbiy libosi, koʻksini bezagan orden-medallarni koʻrgan oʻquvchilar katta qiziqish bildirishdi.
Ayniqsa, ilgari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri lavozimida ishlagan O.Turdaqov va A.Temirxanovlarning “Bizlar ham sizlar kabi oddiy qishloq sharoitida oʻsib-ulgʻaydik. Bilim, intilish va mehnatimiz tufayli vazir darajasigacha chiqdik. Shunday ekan, yaxshi taʼlim olishga intilishingiz zarur. Shunda sizning orangizdan ham olimlar, tadqiqotchilar, vazirlar va boshqa sohalarning taniqli kishilari yetishib chiqsa, ajab emas” degan soʻzlari oʻquvchilarda katta taassurot qoldirganini taʼkidlash oʻrinlidir.
Tadbirda maktab oʻquvchilari tomonidan tayyorlangan turli sahna koʻrinishlari namoyish etilib, oʻquvchi yoshlar oʻz isteʼdodlarini koʻrsatishdi.
Shundan soʻng mehmonlar tomonidan oʻqish va jamoat ishlarida faol ishtirok etib kelayotgan oʻquvchilarga esdalik sovgʻalari, kitoblar tantanali ravishda topshirildi.
©️ “Postda” gazetasi, Azamat Pirniyazov, Qoraqalpogʻsiton Respublikasi.
