Xotira uygʻonsa goʻzal. Dunyoyimning bir burchi sogʻinch...
2025-04-17 22:00:00 / Yangiliklar

Inson hayoti kitobga oʻxshaydi. Uning sahifalaridagi mazmun-mohiyatda nurlanib turgan insoniylik, fidoyilik, ezgulik umrning beiz ketmaganidan dalolat.
Bu yorugʻ olamdan oʻtib ketgan boʻlsa-da, yaqinlari, farzandlari, hamkasblari qalbida, yodida ibratli hayot kitobi doim shuʼlalanib turuvchi insonlar koʻp. Ichki ishlar organlarida uzoq yillar samarali xizmat qilgan, marhum isteʼfodagi mayor Zokirjon Haydarov ham ana shunday insonlardan biridir.
1937-yilda Toshkent viloyati Boʻka tumanida ishchi oilasida dunyoga kelgan Z. Haydarov Toshkent davlat xalq xoʻjaligi universitetida taʼlimni yakunlagach, biroz muddat shu tumandagi sugʻurta kompaniyasida faoliyat olib borgan. Keyin ichki ishlar organlariga xizmatga kirib, dastlab Boʻka, Piskent, Oqqoʻrgʻon tumanlari IIB tergov boʻlimlarida ishlagan. Sohaga oid bilimlarini yanada boyitishni maqsad qilgan yosh xodim ichki ishlar organlarida xizmat qilish bilan bir qatorda, Toshkent davlat universitetida huquqshunoslik ixtisosligi boʻyicha tahsil olib, oliy dargohni imtiyozli diplom bilan tamomlagan.
Ziyrak va bilimdonligi, kamtar, xushfeʼl hamda adolatparvarligi bilan hamkasblari hurmatini qozonib, xizmatga boʻlgan munosabati bilan rahbarlar nazariga tushgan mayor Zokirjon Haydarov 1976-yilda Toshkent tumani IIBda Davlat mulkini oʻgʻirlashga qarshi kurashish boʻlimi boshligʻi lavozimiga tayinlanadi. U zimmasiga yuklatilgan vazifalarni har qanday vaziyatda toʻkis bajarishni koʻzlab harakat qilgan, yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, jinoyatchilikka qarshi kurashishga munosib hissa qoʻshgan.
- Zokirjon Haydarov tizimning sir-asrorlarini yaxshi oʻzlashtirgan, kerakli vaziyatda joʻyali maslahat bera oladigan yetuk mutaxassis edi, — deydi isteʼfodagi polkovnik Toir Orifjonov. — Yuz bergan holat va muammoning yechimini sinchiklab oʻrganib chiqardi. Bu esa hamisha oldimizga qoʻyilgan vazifalarning ortiqcha savollarga oʻrin qoldirmay bajarilishiga asos boʻlardi. Unga befarqlik begona edi. Shu bois xizmatda yaxshi hamkasb, hayotda bagʻrikeng, olijanob inson sifatida xotiramga muhrlanib qolgan.
Zokirjon Haydarov faoliyatida ilgʻor ish tajribalarini qoʻllash, jamiyatdagi turli illatlarga oʻz vaqtida barham berishni xizmatining aʼmoliga aylantira olgan. Va shu maqsad yoʻlida sidqidildan qilgan mehnatlari qadr topib, qator medallar, faxriy unvonlar bilan taqdirlangan.
- Otam qanchalar masʼuliyati ogʻir sohada ishlasa-da, bizdan bor mehrini ayamagan, deydi Barno Umarova. — Uning uyga qaytishini men, singillarim Nigora, Raʼno, ukam Joʻrabek mushtoq boʻlib kutib oʻtirardik. Buni sezsa kerak-da, koʻpincha toʻrttalamizni mashinaga oʻtqazib, aylantirib kelardi.
Ishga otlanarkan, doim onamga «Bir kun kelmasam, indama, ikki kun kelmasam, indama, uchinchi kuni ishxonaga qoʻngʻiroq qilarsan», deb tayinlab ketardi. Ota-onam bir-birini nihoyatda ardoqlar, biz juda baxtiyor oila edik. Biroq onamning kutilmaganda vafot etishi hammamizga ogʻir keldi. Oʻsha kezlar otam bor kuchi bilan ham ota, ham ona boʻlishga, koʻnglimizni choʻktirmaslikka harakat qilgan. Undagi mehr tuganmas edi. Doim otam bizga oʻnta ona mehrini bera oldi, deya maqtanib gapiraman. Aytgancha, nafaqat bizga, balki yaqinlari, ammalarim, amakilarim, xolam-u togʻalarimgacha mehr-oqibatli, hammani bir koʻzda yaxshi koʻrib, qoʻli ochiqligi, bagʻrikengligi bilan koʻnglini avaylardi. Otamning fazilatlarini eslasam, beixtiyor bolalikka qaytaman, doim dunyoyimning bir burchida sogʻinch boʻy koʻrsatadi.
Zokirjon Haydarov sharafli xizmatiga sadoqatini faqat oʻzigagina xos fidoyilik bilan namoyon etib ulgurdi. Oila oshyonida farzandlariga ogʻir kunlarda ham mehri, eʼtibori bilan avaylab, chiroyli tarbiya bera oldi. Hayoti davomida «Yaxshilik qil, jahon yaxshilik olsin», degan aqidaga amal qilib, mazmunli yashadi. Bugun ham farzandlari, nabiralari, doʻst-u birodarlari, hamkasblarining iliq xotiralarida alohida fazilat-u xislatlari sogʻinch va hurmat bilan yodga olinishi ana shunday saodatli umr sohibi ekanligidandir.
Gulnoza Turgʻunboyeva, oʻz muxbirimiz. “Postda”
