Front ortida mehnat qilganlar. Soʻzlaridan hikmat yogʻilar
2025-04-11 15:35:00 / Yangiliklar

Zamonlar almashib, tuzumlar oʻzgarib, orzular roʻyobini koʻrib yashaydigan davrda oʻtmishdagi qiyinchiliklaru mashaqqatlar haqida gapirsangiz, rosti, bugungi yoshlar ishonmasligi mumkin. Moziy sahifalari esa bugungi dorilamon kun larga yetishish yoʻlida ne-ne mard va jasur xalq farzandlarining aziz jonlari qurbon boʻlganidan soʻzlaydi. Birgina Ikkinchi jahon urushi millionlab kishilarning umrini xazon qildi, koʻplab yigitlar bir umrga mayib-majruh boʻlib qaytdi. Front ortida qolgan yosh-yalanglar esa bolaligidan mehnatda fidoyilik koʻrsatib, askarlarga oziq-ovqat yetkazib berishdi, tirikchilik ham ularning zimmasiga tushdi.
Namangan shahrining “Yangi asr” mahallasida istiqomat qiluvchi, 95 yoshni qarshi olayotgan Mahmudjon ota Joʻrayevning bolalik yillari ayni Ikkinchi jahon urushi yillariga toʻgʻri keldi. Elning ishga yaroqli, bilagida kuchi bor mard oʻgʻlonlari qoʻliga qurol olib, urushga otlanganida, front ortidagi barcha yumushlar bolalar va ayollar zimmasida qolgan edi. Shu bois yosh Mahmudjon 12-13 yoshlarida dalaga otlandi. El boshiga tushgan ogʻir kunlarda oʻsmir yigitlar qatori qahramonimiz ham nafaqat mehnatda oʻrnak boʻldi, shuningdek, urushdan qoraxat kelgan xonadonlarda qariyalar va ayollarga yaqindan yordam berdi.
Urush tugab, asta-sekin hayot oʻz iziga tusha boshlagach, yosh Mahmudjon avvaliga dalada mehnat qildi. Soʻng ota-ona duosi bilan poytaxtga yoʻl oldi. 1953-yilda IIV Toshkent oliy militsiya maktabini tamomladi. Namangan shahar IIB yoshlar bilan ishlash boʻyicha inspektor yordamchisi, Huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmasi inspektori va Jinoyat-qidiruv boʻlinmasida tezkor vakildan boʻlim boshligʻigacha boʻlgan lavozimlarda, xalq tinchligi va osoyishtaligini saqlashga oʻzining munosib hissasini qoʻshdi. Jinoyatlarni “issiq izida” fosh etishda oʻziga xos tajriba maktabini yaratadi. Isteʼfodagi podpolkovnik, 11 farzandni tarbiyalab, elga qoʻshgan fidoyi ota Mahmudjon Joʻrayev 1986-yilda pensiyaga kuzatildi.
- Ota kasbini egallab, men ham ayni paytda isteʼfodaman. Ukam Muhammad ham ota kasbining davomchisi, deydi isteʼfodagi mayor Orifjon Joʻrayev. — Viloyat IIB faxriylari orasida eng yoshi ulugʻi, tabarrugi boʻlgan otamni viloyat IIB rahbariyati har bayramda yoʻqlashni kanda qilmaydi. Eʼtibor va ragʻbatdan kuch oladi-da odam. 11 farzandning yettinchisiman. Onam vafot etgan. Otam qatʼiyatli, shijoatli boʻlsalar-da, juda kichik-koʻngil, odamshavanda inson. Hammamizning oʻqishimiz, hayotda oʻz oʻrnimizni topishimiz uchun barcha sharoitlarni yaratib berishgan.
Mahmudjon otaning xonadoni doimo gavjum. Barcha farzandlari yigʻilib qolishsa, toʻyxonaga oʻxshab qoladi xonadon. Nevara-chevaralarning soni 76 nafarga yetdi. Keksalikka soʻz bermagan bobo esa ularni nomma-nom sanab, adashtirib ham yubormaydi. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan mehnat faxriylariga alohida izzat-hurmat koʻrsatilayotgani tahsinga loyiq. Bemorlar holidan xabar olish, moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash ezgu anʼanaga aylangan. Ayniqsa, Mahmudjon otaning xonadonida har bayramda boʻladigan samimiy suhbatlar otaxonning koʻnglini togʻdek koʻtarib yuboradi. Ikki asr bilan yuzlashgan, hayotning pastu baland yoʻllarida qiyinchiliklarni sabr va matonat bilan yenggan, qolaversa, ichki ishlar organlari safida halol mehnat qilgan otaxonning barcha davrlardagi xotiralari, hayotiy hikoyalari qiziq. Hikmatlarga toʻla soʻzlari bilan suhbatdoshini ham oʻziga maftun qilib qoʻyadi.
- Yurt tinchligiga koʻz tegmasin, Vatanimiz gullab-yashnasin. Oʻgʻil-qizlarimiz baxtli boʻlishsin, — duoga qoʻl ochadi otaxon.
Ilohim, umringiz uzoq boʻlsin, sogʻlik-omonlik yor boʻlsin, duolaringizdan bahramand boʻlib yashash yosh avlodga nasib etaversin, Mahmudjon bobo, deymiz!
Gulchehra Buvamirzayeva, oʻz muxbirimiz
Namangan viloyati
