Respublika ishchi guruhining manzil-koloniyalarida qishloq xoʻjaligi faoliyatini oʻrganish yakuni boʻyicha Jazoni ijro etish departamentida yigʻilish boʻlib oʻtdi
2023-12-26 23:50:00 / Yangiliklar

Respublika ishchi guruhi tomonidan manzil-koloniyalarining qishloq xoʻjaligi faoliyati, mavjud bino va yerlarning kadastr roʻyxatidan oʻtkazilganlik holati, yerlardan samarali foydalanish borasida oʻrganishlar olib borildi.
Oʻrganish yakuni boʻyicha Jazoni ijro etish departamentining majlislar zalida respublika ishchi guruhi rahbari, IIV Tashkiliy departamenti boshqarma boshligʻi oʻrinbosari polkovnik N. Qayumov va ishchi guruh aʼzolari, departament boshligʻi polkovnik R. Tursunov, JIED sohaviy xizmat rahbarlari, manzil-koloniyasi rahbarlari va ularning ishlab chiqarishni rivojlantirish boʻyicha oʻrinbosarlari ishtirokida videoselektor yigʻilishi oʻtkazilib, aniqlangan muammo va kamchiliklar tanqidiy muhokama qilindi.
Yigʻilishda, manzil-koloniyalarining qishloq xoʻjaligi faoliyatida yoʻl qoʻyib kelinayotgan tizimli muammo va kamchiliklar koʻrsatib oʻtilib, kelgusida yer va suvdan oqilona foydalanish, hosildorlikni oshirish borasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar belgilab olindi.
Xususan, suv tejovchi texnologiyalardan foydalanib ekinlarni yomgʻirlatib va tomchilatib sugʻorish tizimiga bosqichma-bosqich oʻtish, mavjud suv nasoslarini elektr energiya sarfi kam boʻlgan nasoslarga almashtirish, suv yoʻqotishlarini kamaytirish maqsadida muassasa hududi hamda dala yer maydonlaridagi kanal va ariqlarni mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda betonlash, suv lotoklarini taʼmirlash, tajribali qishloq xoʻjaligi mutaxassislari va agronomlarini manzil-koloniyasiga ishga qabul qilish boʻyicha muassasa boshliqlariga koʻrsatma berildi.
Yigʻilish yakunida, aniqlangan tizimli muammo va kamchiliklarni bartaraf etish hamda kelgusida qishloq xoʻjaligi tarmoqlarini kengaytirish yuzasidan berilgan takliflar boʻyicha “Yoʻl xarita”si ishlab chiqilib, ijrosi nazoratga olinishi belgilandi.



