Profilaktika xizmati. Oʻzaro ahillikda
2025-04-06 23:00:00 / Yangiliklar

Buxoro shahridagi Razzoq Hamroyev nomli mahallada istiqomat qiluvchi 7150 nafar aholi oʻnga yaqin millatga mansub. Qoʻni-qoʻshnining ahilligini, hamisha bir-biriga yordamga shayligini koʻrib koʻzingiz quvnaydi.
Mahalla aholisi asosan tadbirkorlik bilan shugʻullanadi. Ishsiz fuqarolar deyarli yoʻq, desak, ham boʻladi. Chunki faollar mahallada kichik tadbirkorlik subyektlari sonini koʻpaytirish choralarini koʻrishyapti.
Aholini uch toifaga boʻlib, koʻchalarga boʻlinib olganmiz, — deydi mahalla xotin-qizlar faoli Nasiba Safarova. — Biz asosan “qizil” va “sariq” toifaga kiritilgan fuqarolar bilan jiddiy shugʻullanib kelyapmiz.
Misol uchun aytadigan boʻlsak, “qizil” toifadagi 34 nafar fuqarodan 17 nafarining bandligi taʼminlandi. Yaʼni, ular doimiy hamda mavsumiy ishlarga jalb qilindi. Yana 6 nafariga imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratilib, tadbirkorlik faoliyatini olib boryapti.
Xorijiy davlatda doimiy ish bilan taʼminlash maqsadida 10 nafar fuqaro shahar Monomarkazi huzuridagi Migratsiya boʻlimiga yuborildi. Bu ishlarda profilaktika katta inspektori Izzatillo Karimovning jonbozligi yaxshi natija bermoqda.
Buxoro shahar IIO FMB 3-sonli IIB HPB profilaktika katta inspektori, katta leytenant I.Karimov zimmasidagi vazifalarni sidqidildan bajarib, huquqbuzarlarning oldini olishda hamkasblariga oʻrnak boʻlib kelyapti.
Oʻtgan oylar davomida mahalla “sariq”dan “yashil” hududga aylantirildi. Shuningdek, fuqarolarning “102” qisqa raqamiga qiladigan murojaatlari 70 foizga ka maydi. Chunki ularning muammolari mahallaning oʻzida hal etilmoqda.
Mahalla shahar boʻyicha ogʻir hudud hisoblanadi. Shu bois hududdagi 41 ta koʻp qavatli uylarning barchasiga videokuzatuv kameralari va har bir podyezdga kodli qulf oʻrnatilgan.
Ayni paytda mahallada xatlov ishlari amalga oshirilmoqda. Hududdagi ochiq va yopiq bozorlarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning qoʻriqlash pultiga ulanishi borasida targʻibot-tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar natijasida mahalla hududida osoyishtalik hukmron. Fuqarolar ahil-inoqlikda umrguzaronlik qilishmoqda.
Bu ishlarda profilaktika katta inspektori, katta leytenant Izzatillo Karimovning alohida hissasi borligi eʼtirof etilayotgani uning xizmatiga berilgan munosib bahodir.
©️ “Postda” gazetasi, Mirzoqul Ahadov, Buxoro viloyati.
