Asosiy kontentga o'tish

Giyohvandlik — umr zavoli. Ogʻufurush qoʻlga tushdi

2025-04-05 03:35:00 / Yangiliklar

Navoiy viloyati IIB TQX JQB Giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish boʻlimi xodimlari tomonidan muntazam ravishda targʻibot ishlari olib borilyapti. Shu bilan bir qatorda nazorat reyd tadbirlari ham tashkil etilmoqda. Bundan koʻzlangan maqsad — giyohvandlikni oldini olish, zahri qotil savdosiga chek qoʻyish.

Xatirchi tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirlarning birida «Yangirabod» YPX maskanida «Spark» avtomashinasining ikki yoʻlovchisi xodimlarda shubha uygʻotdi. Tekshirib koʻrilganida, ularning yonida selofan xaltaga joylangan vazni 56.64 grammni tashkil etuvchi marixuana giyohvandlik vositasi topildi.

Samarqandlik, 60 yoshni qoralayotgan fuqaro muqaddam bir necha bor sudlangan. Shunga qaramay ayrim tanishlarini giyohvandlik domiga tortib, hatto ogʻu «savdo»siga sherik qilib ulgurgan. Tezkor surishtiruvlar natijasida mazkur zahri qotilni Nurota tumanida yashovchi shaxsdan olganligi maʼlum boʻldi. Tezkor tadbir davom ettirilib, 71 gramm marixuanani navbatdagi xaridoriga 250 AQSH dollari va 1 mln soʻmga sotayotgan paytda, nurotalik ogʻufurush ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.

Ushbu fuqaroga tegishli xonadon va uning omborxonasi koʻzdan kechirilganda, jami 1 kg 104 gramm marixuanna, 3 kilogrammu 260 gramm quritilgan koʻknor hamda 85 gramm kannabis saqlab kelinayotganligi aniqlandi. Yuqoridagi holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mahliyo XOLOVA, oʻz muxbirimiz.
Navoiy viloyati.

77

Oxirgi yangilanish: 2025-04-05 16:02:59

Giyohvandlik — umr zavoli. Ogʻufurush qoʻlga tushdi