Ichki ishlar vazirligi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi masʼul xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan Urganch shahridagi 8-sonli umumtaʼlim maktabida oʻrganish ishlari olib borildi
2025-04-05 02:25:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar oʻrtasida huquqbuzarliklar profilaktikasiga oid faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida“gi 2025-yil 18-martdagi PQ-110-sonli Qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Ichki ishlar vaziri oʻrinbosarining 2025-yil 31-mart kunidagi Farmoyishiga asosan umumiy oʻrta taʼlim maktablariga tashkiliy va tarbiya-metodik jihatdan manzilli koʻmaklashish maqsadida ishchi guruhi tarkibi tasdiqlandi.
Mazkur ishchi guruh vakillari tomonidan hududlarda belgilangan chora-tadbirlarni sifatli tashkil etish hamda bu borada viloyat Ichki ishlar boshqarmasi masʼul xodimlariga amaliy yordam koʻrsatish jarayonlari uyushqoqlik bilan olib borilmoqda.
Xususan, Xorazm viloyatiga biriktirilgan vazirlik ishchi guruhi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi, shuningdek Urganch shahar hokimligi mutasaddilari tomonidan Urganch shahridagi 8-sonli umumtaʼlim maktabida oʻrganish ishlari olib borildi.
Dastlab, taʼlim maskanidagi barcha maʼmuriy binolar, oʻquv xonalari va mavjud shart-sharoitlar atroflicha oʻrganildi. Taʼmirtalab binolarni joriy taʼmirlash, maktab hududini obodonlashtirish, maktabning moddiy-texnik bazasini boyitish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi.
Bundan tashqari dars jarayonlari oʻrganilib, maktab masʼullari hamda oʻquvchilar bilan oʻzaro ishonch asosida oʻtkazilgan suhbat davomida ularning qiziqishlari va kelgusi rejalari tinglandi.
Aniqlangan kamchiliklar va muammolarni bartaraf etish yuzasidan masʼullarga zaruriy koʻrsatma hamda topshiriqlar berildi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati






