Andijon viloyati IIB rahbariyati tomonidan Izboskan tumanida probatsiya hisobidagi shaxslar hamda muqaddam sudlanganlarning muammolarini hal etishga qaratilgan sayyor qabul oʻtkazildi
2025-04-03 09:00:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvar kungi “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 1-son qarori ijrosi talablaridan kelib chiqib, joriy yilning 2-aprel kuni Andijon viloyatining Izboskan tumanida, viloyat prokurori hamda Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati tomonidan probatsiya hisobidagi shaxslar, muqaddam sudlanganlarning muammolarini oʻrganish, ularning bandligini taʼminlash maqsadida sayyor qabul tashkil etildi.
Qabulda 50 nafardan ziyod yaqin fuqarolarning turli masalalardagi murojaatlari tinglandi.
Xususan, tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish, kredit olish, ishga joylashish, yer ajratish va boshqa ijtimoiy masalalardagi aksariyat murojaatlar joyida ijobiy hal etildi.
Murojaatlarning har biri mutasaddi idoralar vakillari tomonidan oʻrganib chiqilib, yechimi vaqt talab qiladigan murojaatlar yuzasidan tegishli masʼullarga topshiriqlar berildi.
Bir soʻz bilan aytganda, koʻplab fuqarolar mavjud muammolarining ijobiy hal qilinishi ortida muhtaram Prezidentimizning olib borayotgan odilona siyosati yotganligini mamnuniyat bilan izhor etdilar.
Bu kabi sayyor qabullarning tashkil etilishi Andijon viloyatining boshqa shahar-tumanlarida ham davom ettirilmoqda.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati