Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida “Ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni samarali tashkil etish: muammo va yechimlar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani oʻtkaziladi
2025-04-02 11:15:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-apreldagi “Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5050-son va 2023-yil 20-yanvardagi “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yoʻnaltirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-10-son qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida 2025-yil 25-aprel kuni Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida “Ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni samarali tashkil etish: muammo va yechimlar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani oʻtkaziladi.
Ilmiy-amaliy anjumandan koʻzlangan maqsad: Anjumanda ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, xodimlarni vatanparvarlik va burchga sadoqat ruhida tarbiyalash, tizimda qonun buzilishi va korrupsiyaga qarshi murosasiz muhitni shakllantirish hamda ichki ishlar organlarining ijobiy imijini yaratish masalalari muhokama etiladi.
Ilmiy-amaliy anjumanda quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha shoʻbalar tashkil etiladi:
- Ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish;
- Davlat xizmatchisining maʼnaviy-axloqiy va kasbiy sifatlari;
- Davlat organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish;
- Davlat organlarida axborot siyosati va imij masalalari;
- Ichki ishlar organlarida psixologik xizmatning ahamiyati;
- Ichki ishlar organlari faoliyati – fuqarolar nigohida.
Anjumanga hamkor vazirlik va idoralar, huquqni muhofaza qilish organlari vakillari va ularning tizimidagi oliy oʻquv yurtlari professor-oʻqituvchilari, ijtimoiy-gumanitar fanlar (huquqshunoslik, psixologiya, jamiyatshunoslik) va menejment sohasidagi tadqiqotchi olimlar, ilmiy izlanuvchilar taklif etiladi.
Ilmiy-amaliy anjuman materiallari toʻplam shaklida nashr etiladi. Anjumanda ishtirok etish uchun ilmiy maqola va tezislar oʻzbek va rus tillarida 2025-yil 15-aprelga qadar @iiv_konferensiya telegram manziliga yuborilishi lozim.
Maqolalarga qoʻyiladigan talablar:
Maqola, tezislar anjuman yoʻnalishiga oid dolzarb mavzularda, ilmiy tahlil, taklif va tavsiyalar bilan taqdim etilishi lozim;
Material matnlari tahrir qilingan holda A4 oʻlchamda, yuqoridan va pastdan 2 sm, chapdan 3 sm, oʻngdan 1,5 sm hoshiyaga ega boʻlishi hamda Microsoft Word matn muharriri, Times New Roman shrifti, 14 oʻlchamda, 1,5 intervalda va 5-10 betgacha (elektron variantda) boʻlishi lozim;
Maqolada muallif(lar) familiyasi, ismi va sharifi, ish (oʻqish) joyi, ilmiy darajasi, ilmiy (maxsus) unvoni va lavozimi koʻrsatiladi. Shuningdek, qisqacha annotatsiya, undan soʻng maqolaning asosiy matni beriladi. Matndagi havolalar (ссылка) kvadrat qavsda adabiyotlar roʻyxatida keltirilgan tartibda qayd qilinishi lozim. Masalan: [3, 72-b.];
Tashkiliy qoʻmita tomonidan tahrirdan oʻtmagan maqolalar mualliflarga qaytarilmaydi va anjuman talabiga mos kelmagan, muddatidan keyin taqdim etilgan maqolalar toʻplamga kiritilmaydi.
Anjuman oʻzbek, rus tillarida, videokonferensiya shaklida hududiy ichki ishlar organlari ishtirokida olib boriladi.
Maqola yoki tezislarda keltirilgan maʼlumotlar va ularning ilmiy-nazariy asoslanganligi uchun mualliflar masʼuldir. Anjuman ishi doirasida tahrirdan oʻtgan maqolalar elektron va kitob holida chop etiladi.
Maʼlumot uchun telefonlar: 71 231-30-27, 71 231-44-10, 99 839-86-94
