Asosiy kontentga o'tish

Raqamli kriminalistlar tayyorlandi

2025-03-27 20:10:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent shahridagi Situatsion markazga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash yuzasidan Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi Kriminalistik ekspertizalar kafedrasida “raqamli dalillarni aniqlash, olish va dastlabki tadqiqot oʻtkazish” mavzusida hududiy ichki ishlar organlari ekspert-kriminalistlari uchun doimiy ravishda tashkil qilinadigan dastlabki bir oylik oʻquv kursi oʻtkazildi.

Raqamli kriminalistika sohasida mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha dastlabki oʻquv kursida hududiy ichki ishlar organlarining ekspert-kriminalistlari raqamli axborot tashuvchi vositalardagi mavjud maʼlumotlarni tahlil qilish, oʻchirilgan va zararlangan maʼlumotlarni tiklash hamda dastlabki raqamli tadqiqot oʻtkazish boʻyicha nazariy va amaliy mashgʻulotlarda ishtirok etdilar.

Oʻquv-amaliy mashgʻulotlar raqamli ekspertizalar yoʻnalishida xalqaro sertifikatga ega boʻlgan amaliyotchilar va Akademiyaning raqamli kriminalistika sohasidagi professor-oʻqituvchilari tomonidan interaktiv oʻqitish metodlari qoʻllanilgan holda hamda bevosita Vazirlikning raqamli ekspertiza laboratoriyalarida olib borilib, yakuniga koʻra tegishli sertifikatlar berildi.

Har bir hududiy ichki ishlar organlarida raqamli kriminalistika sohasida maxsus bilimga ega boʻlgan kriminalistlarning faoliyat koʻrsatishi raqamli dalillarni aniqlash, olish, toʻplash va tahlil qilish orqali axborot texnologiyalari sohasidagi raqamli dalillar isbotlov bazasini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Mazkur yangi tashkil etilgan oʻquv kurslari davomida joriy yil yakuniga qadar 60 nafar raqamli ekspert-kriminalistlar tayyorlash nazarda tutilgan.

IIV Ekspert-kriminalistika bosh markazi

136

Oxirgi yangilanish: 2025-03-28 16:45:49

Raqamli kriminalistlar tayyorlandi