Soha fidoyisi. Er yigit — el gʻamida
2025-03-26 08:55:00 / Yangiliklar

Toshkent viloyatining soʻlim goʻshalaridan biri boʻlmish Parkent tumanidagi «Kumushkon» mahallasi tabiatining goʻzalligi oʻzgacha. Uch mingdan ortiq aholi umrguzaronlik qilayotgan mahalla osoyishtaligini taʼminlash yoʻlida, mana, 5 yildirki, profilaktika inspektori, mayor Gʻofur Begaboyev fidoyilik bilan xizmat qilmoqda.
Oʻtgan davr mobaynida hamkorlikda bandligi taʼminlanmagan fuqarolar ishga joylashtirilib, mahallaning deyarli barcha joylariga kuzatuv kameralari oʻrnatildi. Shuningdek, tungi reydlar tashkil etilib, qonunbuzarliklarning oldi olindi. Natijada, kriminogen hududlardan hisoblangan ushbu manzilda jinoyatlar soni keskin kamayib, avvaliga «sariq», keyin «yashil» toifadagi hududlar sirasiga kiritildi.
- Mahalla hududida 53 ta mehmon uyi tashkil etilgan, yana yuzdan ortigʻi faoliyatini boshlash arafasida. Bu aholini ish bilan taʼminlash, natijada huquqbuzarlik va jinoyatchilikka barham berishda katta ahamiyat kasb etadi, — deydi mayor Gʻofur Begaboyev.
Ichki ishlar organlaridagi 13 yillik faoliyatining barchasini profilaktika xizmatiga bagʻishlagan lavhamiz qahramoni ustozi, isteʼfodagi podpolkovnik Dilmurod Toʻrayevdan kasb sirlarini oʻrganib, tajribasini boyitdi. Shuningdek, boks bilan yoshligidan shugʻullanib, sport ustaligiga nomzodlikni qoʻlga kiritdi, kikboks boʻyicha esa II daraja sohibiga aylandi.
Hozirda turmush oʻrtogʻi Zulfiyaxon bilan 3 oʻgʻilni voyaga yetkazayotgan mayor Gʻ.Begaboyev xizmatdan soʻng farzandlarida kitobga boʻlgan mehrni kuchaytirish maqsadida ular mutolaa qilgan adabiyotlar boʻyicha fikr almashadi.
Mixli SAFAROV, oʻz muxbirimiz.
Toshkent viloyati.