Ichki ishlar vazirligi va taʼlim muassasalari oʻrtasida oʻzbek tilini rivojlantirish boʻyicha hamkorlik memorandumi imzolandi
2025-03-22 18:30:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum imzolandi.
Tadbirda Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti boshligʻi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi direktori va Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi direktori ishtirok etishdi.
Mazkur memorandum kelgusida ichki ishlar organlari xodimlarining oʻzbek adabiy tili meʼyorlari, davlat tilida ish yuritish, rasmiy hujjatlar va ularni yozish boʻyicha oʻquv va malaka oshirish kurslarini tashkil etish, xodimlarning nutq madaniyati hamda notiqlik mahoratini oshirish, oʻzbek tilini rivojlantirishga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini qoʻllab-quvvatlash, oʻzbek tilining xalqaro mavqeyini mustahkamlashda ichki ishlar organlarining ishtirokini taʼminlashga qaratilgan.
IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati







