IIV Qorovul qoʻshinlari harbiy xizmatchilari oʻrtasida sportning milliy kurash turi boʻyicha “Qoʻmondon kubogi” musobaqasi oʻtkazildi
2025-03-17 00:20:00 / Yangiliklar

Milliy kurash qadimiy sport turlarimizdan, uni yosh avlod orasida keng targʻib qilish va ommaviylashtirish maqsadida joylarda koʻplab musobaqalar tashkillashtirilmoqda, jumladan, yaqinda IIV Qorovul qoʻshinlari harbiy xizmatchilari oʻrtasida ham mazkur sport turi boʻyicha “Qoʻmondon kubogi” musobaqasi oʻtkazildi.
Musobaqa avvalida qoʻshin qoʻmondoni polkovnik Xasan Batirov nutq soʻzlab, harbiy xizmatchilar jismoniy va jangovar salohiyatini oshirishga qaratilgan bu kabi sport tadbirlarini oʻrni va ahamiyati xususida toʻxtalib oʻtdi hamda barcha ishtirokchilarga muvaffaqiyat tilagan holda musobaqani ochiq deb eʼlon qildi.
Toshkent viloyatida joylashgan 7535 harbiy qism mezbonlik qilgan mazkur bellashuvlarda, sportchilar 7 ta vazn toifasida gʻoliblik uchun gilamga chiqishdi.
Qizgʻin va murosasiz tarzda oʻtgan ushbu bahslarda, polvonlar oʻz kuch va irodasini namoyish etib muxlislarga bir-biridan shiddatli bahslarni taqdim etishdi.
Musobaqa yakunlarida oʻz vazn toifasiga koʻra :
60 kg da – Jasur Egamberdiyev
66 kg da – Safarmurod Panjiyev
73 kg da – Ilhomjon Muhammadiyev
81 kg da – Yusufbek Fayzullayev
90 kg da – Furqat Jalilov
100 kg da – Fazliddin Qoʻchqorov
+100 kg da – Mansur Kamolovlar shohsupaning yuqori pogʻonasiga koʻtarilgan boʻlsa, umumjamoa hisobida esa gʻoliblik hamda kubokni 7534 harbiy qism jamoasi qoʻlga kiritdi, 2 va 3-oʻrinlar esa 7535 va 7531 harbiy qism jamoalariga nasib etdi. Gʻolib va sovrindorlarga diplom hamda qimmatbaho sovgʻalar tantanali tarzda topshirildi.
Musobaqa yakunida, namunali koʻrgazmali orkestr tomonidan namoyish etilgan konsert yigʻilganlarga koʻtarinki kayfiyat ulashdi.
IIV Qorovul qoʻshinlari qoʻmondonligi Axborot guruhi