Ayol va jamiyat. Tabassum — tashrif qogʻoziga aylangan
2025-03-14 08:25:00 / Yangiliklar

Nigaraxan doimo kulib turadi. Uning samimiy tabassumi tashrif qogʻoziga aylangan. Shu bois baʼzi hamkasblarimiz Nigaraxanni ismi bilan eslay olmay qolganida, doimo kulib turadigan tergovchi qiz deya taʼkidlashadi.
Mayor Nigaraxan Perdebayeva yoshligidanoq otasi mayor Azat Yusupov kabi, ichki ishlar xodimi boʻlishni orzu qilgandi. Shu bois IIV Akademiyasiga oʻqishga kirib, 2016-yilda uni aʼlo baholarga tugatgach, ilk xizmat faoliyatini Xoʻjayli tumani IIBda tergovchi boʻlib ishlashdan boshlaydi. Shundan soʻng Moʻynoq tumani IIB HPB Xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori, Qoʻngʻirot tumani IIB HPB voyaga yetmaganlar va yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil etish guruhi katta inspektori lavozimlarida faoliyat olib bordi. U hozirda Qoʻngʻirot tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlinmasida tergovchi lavozimida xizmat qilmoqda.
Tergovchi odamlarni sabr-toqat bilan tinglay bilishi, ichidagi gaplarini aytishga ijozat berishi kerak, — deydi Nigaraxan. — Shundagina ular ayrimlarni jinoyat koʻchasidan yoki qayta jinoyat sodir etishdan qaytarishadi. Biz toʻgʻri munosabatimiz orqali ham kishilarni jinoyatdan qaytarishimiz mumkin. Men xizmat faoliyatim davomida doimo shu tamoyilga amal qilishga intilaman.
Taʼkidlash joizki, kasbi yuzasidan turli xil vaziyatlarga va muammolarga duch kelganda, har doim ustozlarining nasihatlari, shuningdek, oilada turmush oʻrtogʻi va qaynota-qaynonasining qoʻllab-quvvatlashi bilan har qanday muammoni yengib oʻtayotgan Nigaraxan 2 nafar farzandning mehribon onasi, suyukli yor va qaynota-qaynonasiga beminnat xizmat qiluvchi namunali kelin hisoblanadi. Jamoat ishlaridagi faol ishtiroki, shuningdek, kitob oʻqishga boʻl-gan mehri tufayli har doim peshqadamlar safida boʻlib kelmoqda.
Xususan, u 2023-yili Qoraqalpogʻiston Respublikasi miqyosida oʻtkazilgan «Fidoyi ayol» koʻrik-tanlovida I oʻrinni, «Kasb aʼlochisi» koʻrik-tanlovida II oʻrinni, shuningdek, yaqinda IIV tizimida xizmat olib boruvchi shahodatlangan xotin-qizlar oʻrtasida oʻtkazilgan «Zakovat» intellektual oʻyinida Nigaraxan ishtirok etgan jamoa faxrli birinchi oʻrinni egalladi. Bundan tashqari, vazirlikda kitobxonlik boʻyicha oʻtkazilgan «Eng yaxshi kitobxon» tanlovida esa III oʻrinni egallagani bunga yaqqol dalil boʻla oladi.
Sayyora KULIMBETOVA, mayor.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi.
