IIV Akademiyasi boshligʻi oʻquv dargohida taʼlim olayotgan kursant qizlar bilan muloqot qildi
2025-03-08 11:00:00 / Yangiliklar

Tadbir avvalida Rustam Xatamov kursantlarni xotin-qizlar bayrami bilan qizgʻin tabrikladi. Yoshlar bilan manzilli ishlash, ularning taʼlim olishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, kelajak orzu-maqsadlarini roʻyobga chiqarish borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar qayd etildi.
Xalqimizda qizlar tarbiyasi milliy qadriyat darajasiga koʻtarilgan. Keyingi yillarda muhtaram Prezidentimizning yuksak eʼtibori bilan qizlarning oʻqishi, zamonaviy kasblarni egallashi, hayotda oʻz oʻrnini topishi uchun barcha imkoniyatlar yaratildi. Buning ezgu samarasini sizlar kabi bilim olish yoʻlida astoydil oʻqib-izlanayotgan qizlar timsolida koʻrib turibmiz, – dedi R. Xatamov.
Akademiya rahbari yigʻilganlarga murojaat qilar ekan, kursantlarni bilim olib, oʻz ustida ishlashga, davlatimizning yuksak ishonchini oqlashga daʼvat qildi. “Sizlar millatimiz davomchilari, yurtimiz tayanchisiz. Ertangi yutuqlaringiz bugun olayotgan taʼlim va tarbiyangizga bogʻliq. Vatanimiz va xalqimiz uchun sadoqat bilan xizmat qilib, oilaning mustahkam tayanchi boʻlishingiz zarur”, dedi u.
Bayramona tadbirda tengdoshlariga namuna boʻlayotgan bir guruh qizlar ragʻbatlantirildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati









