Seminar. Kasbiy bilimlar oshirildi
2025-02-20 22:00:00 / Yangiliklar

Soʻnggi vaqtlarda mamlakatimizda barqarorlikni taʼminlash, Qurolli Kuchlarning jangovar shayligini oshirish, kuch tuzilmalarining oʻzaro hamkorligini yanada mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Aynan shu maqsadda ichki ishlar organlari harbiy safarbarlik boʻlinmalari boshliqlari bilan oʻquv seminari oʻtkazildi. Unda Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Bahodir Mirzarahimov ishtirok etdi.
Tadbirda jangovar shaylik va safarbarlik sohasiga oid muammolar tahlil qilinib, amaliy yechimlar taklif etildi. Shuningdek, ichki ishlar organlarining jangovar, safarbarlik, tezkor rejalashtirish va fuqaro muhofazasi borasidagi 2025-yildagi eng ustuvor vazifalari belgilanib olindi.
Seminar davomida xodimlarning kasb mahorati va bilimlarini oshirish maqsadida Ichki ishlar, Mudofaa, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda Milliy gvardiyaning malakali mutaxassislari tomonidan oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazildi. Qatnashchilar harbiy safarbarlik bilan bogʻliq oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
Seminar yakunida ishtirokchilar uchun madaniy tadbirlar ham tashkil etildi. Ular IIV Akademiyasida, “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi va undagi “Shon-shuhrat” davlat muzeyida boʻlishdi.
©️ “Postda” gazetasi, Nosirjon Latipov, podpolkovnik.