Anjumanlar albatta samara beradi
2025-02-12 23:00:00 / Yangiliklar

Har yili respublikamizda 1-fevraldan 1-martga qadar “Yoshlar orasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar tarqalishining oldini olish kompleks tezkor-profilaktik oyligi” oʻtkazib kelinadi. Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi majlislar zalida tashkil etilgan matbuot anjumani ushbu muhim tadbirni eʼlon qilishga bagʻishlandi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, IIV Tezkor qidiruv departamenti, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, BMT va Milliy gvardiyaning Toshkent shahar boshqarmasi masʼul xodim va rahbarlari qatnashdi.
— Giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi bilan bogʻliq jinoyatchilik nafaqat milliy, balki mintaqaviy, hattoki global miqyosda xavfsizlik va barqarorlikka jiddiy tahdid soladi. U jamiyatda qonunchilikni taʼminlashga xavf solish bilan birga, ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishga ham toʻsqinlik qiladi.
Ayniqsa, bu illatning yoshlarimiz oʻrtasida tarqalishi nafaqat jamiyatimizning bugungi hayotiga, balki kelajagimizga ham salbiy taʼsir etmoqda, — dedi IIV Tezkor qidiruv departamenti Jinoyat qidiruv xizmatining masʼul xodimi, podpolkovnik Nodirbek Abdurasulov.
Tahlillarga koʻra, 2020—2023-yillarda giyohvandlik va psixotrop moddalar bilan bogʻliq jinoyat sodir etgan shaxslar orasida yoshlarning ulushi oʻrtacha 26 foiz boʻlsa, 2024-yilda bu koʻrsatkich 34 foizni tashkil qilgan. Soʻnggi 5-yilda huquq-tartibot idoralari tashabbusi bilan respublikamizda aniqlangan narkotik jinoyatlari soni 2 baravarga oshib, noqonuniy muomalada aniqlangan giyohvandlik vositalari 27 foizni tashkil etgan.
Shundan sintetik narkotiklar 80 baravarga ortib, kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari 40 foizni tashkil etgan. Shu davr mobaynida dispanser hisobiga olingan giyohvandlar soni qariyb 40 foizga oshgan. Oʻtgan yilning oʻzida 1000 dan ortiq insonlar narkotiklardan oʻtkir zaharlangan. Shulardan 10 nafaridan ortiq oʻlim qayd etilgan.
Yuqoridagi statistik maʼlumotlarni inobatga olgan yigʻilish ishtirokchilari giyohvandlik va narkotiklarga qarshi kurashish nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar, balki keng jamoatchilikning ham asosiy eʼtibor markazida boʻlishi lozimligini taʼkidlashdi.
Shuningdek, turli taʼlim muassasalariga tashrif buyurgan faol yoshlarning savollari tinglandi va bu illatni qanday qilib kamaytirish yoki yoʻqotish yoʻllari haqida qiziqarli suhbatlar oʻtkazildi.
©️ “Postda” gazetasi, Abu Kenjayev.