Iqtidorli yoshlar — yurt tayanchi
2025-02-08 22:00:00 / Yangiliklar

Xorazm viloyat ichki ishlar organlarida yosh xodimlarning jamiyatdagi faolligini oshirish, bilim va intellektual salohiyatini yuksaltirish, ilgʻor gʻoya va tashabbuslarini keng qoʻllab-quvvatlash maqsadida bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Oʻtgan yilda viloyat ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan 147 nafar yosh xodim zimmasiga yuklatilgan vazifaga masʼuliyat bilan yondashib, samarali natijalarga erishgani hamda oʻz bilim va iqtidorini namoyish etgani uchun IIV hamda viloyat IIB rahbariyati tomonidan munosib taqdirlandi.
Xodimlarning kasbiy, jismoniy hamda jangovar mahoratini oshirish maqsadida koʻplab oʻquv va amaliy mashgʻulotlar, sport musobaqalari, koʻrik-tanlovlar oʻtkazib borildi. Ushbu mashgʻulotlarda 29 nafar yosh xodim sportning professional yoʻnalishi bilan shugʻullanib, ijobiy natijalarni qoʻlga kiritishdi. Ularning 13 nafari respublika, 8 nafari xalqaro, 6 nafari qitʼa, 2 nafari esa jahon chempionatlarida ishtirok etib, gʻolib va sovrindor boʻlishdi.
Shuningdek, “Zakovat” klubi aʼzolari tomonidan yosh xodimlar oʻrtasida intellektual sogʻlom raqobat muhitini yaratish, xodimlarning bilimga boʻlgan intilishlarini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish hamda yoshlar orasida kitobxonlikni keng targʻib qilish maqsadida koʻplab maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazildi.
Natijada olti nafar yosh yigit-qiz ichki ishlar organlari xodimlari oʻrtasida oʻtkazilgan turli yoʻnalishdagi koʻrik-tanlovlarning respublika bosqichida gʻoliblar safidan joy olishdi.
Viloyat ichki ishlar organlari tizimida xorijiy tillarni puxta oʻzlashtirgan 35 nafar iqtidorli yosh xizmat qilishadi. Ulardan 14 nafari mahalliy, 1 nafari esa xalqaro toifadagi sertifikatga ega boʻlishgan.
Viloyat IIBning yosh xodimlardan iborat jamoalari ham “Zakovat”, “Ajdodlar izidan” intellektual oʻyinlari, voleybol, mini futbol, shaxmat, kurash, suzish singari koʻplab sport musobaqalarining respublika bosqichlarida faol ishtirok etib, gʻolib va sovrindor boʻlishdi.
Ichki ishlar organlari tizimida xizmat qilayotgan yosh xodimlar bilan oʻtkazilayotgan yuzma-yuz muloqotlar, “Rahbar va yosh xodimlar” uchrashuvlari ham isteʼdodli yoshlarni kashf etishda kutilgan natijalarni berdi.
Taassurotlarga boy tarzda oʻtgan mazkur tadbirlarda viloyat IIBning sohaviy xizmatlari, shahar va tuman ichki ishlar boʻlimlari boshliqlari, faxriylar kengashi faollari, yoshlar tashkiloti vakillari, oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari ishtirok etib, yosh xodimlar bilan samimiy suhbatda boʻlishdi, ularning taklif-istaklarini eshitishdi, ilgʻor gʻoya va tashabbuslari bilan tanishishdi.
Tadbirlarda eng faol yoshlarning ibratli ishlari alohida eʼtirof etilib, qoʻllab-quvvatlandi. Ayni kunda viloyat ichki ishlar organlarining yosh, gʻayrat shijoatli xodimlari bundanda samarali natijalarga erishish maqsadida oʻquv va amaliy mashgʻulotlarini davom ettirishmoqda.
©️ “Postda” gazetasi, Temur Otajonov, kapitan.
