Soha fidoyisi. Ilm, qatʼiyat va shijoat
2025-02-06 23:00:00 / Yangiliklar
![Soha fidoyisi. Ilm, qatʼiyat va shijoat](/_next/image?url=https%3A%2F%2Fapi-portal.gov.uz%2Fuploads%2Fc5491e81-5772-5048-edeb-e81414627176_lists_slider_.jpg&w=3840&q=75)
Dilafroʻz qatʼiyat, shijoat va ilm barcha narsadan ustun turishini otasi Safar aka va onasi Gulsora opadan oʻrgandi. Safar aka muhandislik kasbida ishlab obroʻ orttirdi, elu yurtga foydasi tegdi. Onasi Gulsora opa matematika fani oʻqituvchisi — ayni kunlarda tabarruk yoshda boʻlsada, taʼlim berishda davom etmoqda. Ota-onasi uning shifokor boʻlishini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashdi.
Ilk xizmat faoliyatini Toshkent shahar IIBB Tibbiyot boʻlimida ekspert-terapevtlikdan boshlagan kapitan Dilafroʻz Sharapova bugungi kunda Harbiy-tibbiy komissiya raisi lavozimida xizmat qilib kelmoqda.
Xizmatga qabul qilinadigan nomzodlarning sogʻlomligini puxta tibbiy koʻrikdan oʻtkazishdan tashqari, tibbiy koʻrik yoki murojaatlar asosida xodimlarning kasalliklarini aniqlash, ularga oʻz vaqtida tibbiy yordam koʻrsatish, zarur holatlarda tor mutaxassislar koʻrigiga yoʻllanmalar berish natijasida ular sogʻligʻining nazorat qilib borilishiga bosh-qosh boʻlmoqda.
Darvoqe, lavhamiz qahramoni aqlni charxlashda katta yordam beradigan shaxmat bilan ham muntazam shugʻullanib keladi. U poytaxt IIBB xodimlari oʻrtasida oʻtkazilgan musobaqalarda sovrinli oʻrinlarni egallagan. Xususan, 2022-yildagi bahslarda faxrli 1-oʻrin sohibi boʻlgan.
Egniga ham oq xalat, ham ichki ishlar organi formasini kiyib, xizmat koʻrsatish kishidan katta masʼuliyat talab etadi. Shu bilan bir qatorda, turmush oʻrtogʻi bilan ikki nafar farzandini el-yurt koriga yaraydigan, xalq manfaatlariga xizmat qiladigan yetuk insonlar qilib tarbiya berishga alohida eʼtibor qaratgan. Ularning ikkisi ham oliy taʼlimda tahsil olib, ota-onasining munosib davomchilari sifatida Vatan koriga yaraydigan kadrlar boʻlib yetishish yoʻlida bilim olishmoqda.
Mamlakatimizda koʻplab ayollarimiz masʼuliyatli lavozimlarda faoliyat yuritib, Toʻmaris va Bibixonim kabi momolarimizga munosib boʻlish yoʻlida mehnat qilmoqda, — deydi kapitan D. Sharapova. — Ular ham ishda, ham oilada erkaklar bilan yelkama-yelka turib, el-yurt ravnaqi yoʻlida sobitqadam boʻlishmoqda.
Xotin-qizlarimizning baxtli hayot kechirishi va sevgan kasbida oʻzlarini namoyon qilishi uchun yaratilayotgan bunday keng imkoniyatlarning tag zamirida Yurtboshimizning alohida eʼtibori yotibdi, albatta.
©️ “Postda” gazetasi, Sarvar Sobirov, Toshkent shahri.