Toshkent shahar IIBB xodimlari dzyudo boʻyicha “Yevropa ochiq kubogi“chempionatida zafar quchishdi
2025-02-06 08:30:00 / Yangiliklar

Toshkent shahar IIBBda oʻz xizmat vazifalarini toʻlaqonli, sidqidildan bajarish bilan birga sport bilan muntazam ravishda shugʻullanib, jahon sport maydonlarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilib kelayotgan sohamiz xodimlari koʻpchilikni tashkil etadi.
Ular Vatanimiz shon-shuhratini dunyoga tanitish barobarida ichki ishlar organlari xodimi degan sharafli nomni yuksaklarga koʻtarib kelishmoqda.
Kuni kecha Fransiya davlatining Lill shahrida Yevropa davlatlari mezbonligi ostida sportning dzyudo turi boʻyicha “Yevropa ochiq kubogi” chempionati oʻtkazildi. Unda turli davlatlardan tashrif buyurgan 100dan ortiq mahoratli, nomdor sportchilar gʻoliblik uchun murosasiz kurash olib bordilar.
Musobaqada Respublikamiz ichki ishlar vazirligi terma jamoasi tarkibida maydonga tushgan poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasining 3 nafar aʼzosi: Yunusobod tumani IIO FMB Tergov boʻlimi tergovchisi, kapitan F.Sharipov, Shayxontohur tuman IIO FMB Navbatchilik qismi katta inspektor-navbatchisi, kapitan H.Atadjanov va IIBB Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik batalyoni 2-otryadi 1-guruh komandiri, katta leytenant B.Inoyatovlar yurtimiz sharafini munosib himoya qilishdi.
Avval xabar berganimizdek, 100 kg vazn toifasida Yunusobod tumani IIO FMB Tergov boʻlimi tergovchisi, kapitan F.Sharipov 1-oʻrinni egalladi. 100 kg.dan ortiq vazn toifasida maydonga tushgan Shayxontohur tumani IIO FMB Navbatchilik qismi katta inspektor-navbatchisi, kapitan Hamid Atadjanov keskin va shiddatli janglarda 1-faxrli oʻrinni qoʻlga kiritishga muvaffaq boʻldi. 81 kg gacha boʻlgan vazn toifasida maydonga tushgan Toshkent shahar IIBB Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik batalyoni 2-otryad 1-guruh komandiri, katta leytenant Bahrom Inoyatov esa belgiyalik raqibini soʻzsiz magʻlub etib, 3-oʻringa koʻtarildi.
Toshkent shahar IIBB rahbariyati, shaxsiy tarkibi Vatanimiz shuhratini jahon boʻylab yoyib, davlatimiz madhiyasi va bayrogʻini Yevropa zamini uzra baralla taratib zafar qozongan hamkasblarimizni qizgʻin tabriklab, ularga mustahkam sogʻliq, oilaviy saodat va Vatanimiz tinchlik-osoyishtaligini saqlash yoʻlida ulkan muvaffaqiyatlar tilab qoladi.
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati
