Tilga eʼtibor – elga eʼtibor
2023-11-06 12:25:00 / Yangiliklar

Soʻngi yillarda Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini oshirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan davlat organlari va tashkilotlarida davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchi lavozimlari tashkil etilib, tayinlangan masʼullar tomonidan oʻzbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini tubdan oshirish, unib-oʻsib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini toʻlaqonli joriy etishni taʼminlash choralari koʻrilmoqda.
Isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash “Ulugʻbek” jamgʻarmasi va “Notiqlik sanʼati akademiyasi” taʼlim markazi hamkorligida turli vazirlik va idoralar, madaniyat va maʼnaviyat tizimlarida, jurnalistika sohasida samarali mehnat qilayotgan va nutqiy faoliyati bilan ibrat-namuna boʻlayotgan bir guruh kasb egalarini turli nominatsiyalar boʻyicha taqdirlash tadbiri oʻtkazildi.
“Ijtimoiy-maʼrifiy ehtiyojdan kelib chiqqan holda ogʻzaki va yozma nutqni yaxshi oʻzlashtirishni ragʻbatlantirish, bunday maʼrifiy maqsadga qaratilgan tadbirlar samaradorligini oshirishni qoʻllab-quvvatlash ushbu marosimning muhim shartidir”, — deydi taʼlim markazi rahbari, professor Rahimboy Jumaniyozov.
“Notiqlik sanʼati akademiyasi” taʼlim markazi mutaxassislari tomonidan bir yil davomida olib borgan turli tadqiqotlar va oʻrganishlar tahlillari orqali ona tilimizning betakror nafosati va boy imkoniyatlarini kreativ muloqot usullaridan unumli foydalangan holda samarali qoʻllab kelayotgan bilimdon notiqlar 16 ta nominatsiyalar boʻyicha taqdirlandi.
Jumladan, quyidagi yoʻnalishlar eʼlon qilindi: “Huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini xalq bilan samarali muloqot va noanʼanaviy tashviqot orqali yetkazishdagi shaxsiy ibrati uchun” (Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov),
“Mamlakat hayotidagi dolzarb voqealarni chuqur mushohada salohiyati va oʻzbek tilining boy jozibasi bilan yetkazish borasidagi mahorati uchun” (taniqli jurnalist Xayrulla Nuriddinov),
“Oʻzbek tili suxandonlik va dublyaj maktabini rivojlantirish ishiga qoʻshayotgan ulkan shaxsiy xizmatlari uchun” (taniqli aktyor, mohir suxandon, dublyaj ustasi Afzal Rafiqov),
“Xorijiy mamlakatlarda milliy sheʼriyatimiz jozibasi va nafosatini tarannum etishda joʻshqin ijodiy faoliyati uchun” (isteʼdodli shoir Nosirjon Joʻrayev),
“Oʻzbek qiziqchilik sanʼatini eng yaxshi anʼanalari nutq ohanglarini saqlagan holda boyitishga va xalqaro maydonda targʻib qilishga qoʻshgan munosib hissasi uchun” (marhum qiziqchi Obid Asomov),
“Jahonning nufuzli xalqaro anjumanlarida Oʻzbekiston va oʻzbek tili shuhratini yoyish va mamlakatimiz obroʻsini yuksaltirishga qoʻshayotgan beqiyos jurnalistik faoliyati uchun”, (xalqaro jurnalist, taniqli publitsist va mohir shoir Karim Bahriyev),
“Ijtimoiy tarmoqlarda tahliliy materiallarni yoritishda oʻzbek yozma nutqidagi zamonaviy kommunikativ kompetensiyasi uchun” (taniqli jurnalist Ilyos Safarov),
“Media makonda saylovchilar manfaatlarini ifoda qilishda faol va qatʼiy deputatlik pozitsiyasi uchun” (Siyosiy fanlar doktori, professor Qodir Joʻrayev),
“Yetakchining notiqlik mahoratini oshirish masalalarini ilmiy-tahliliy oʻrganishdagi yangicha ilmiy-nazariy yondashuvlari uchun” (pedagogika fanlari nomzodi, dotsent, Otabek Hasanov),
“Aholining keng qatlamlarida ijtimoiy-maʼnaviy targʻibotni sodda va xalqchil tilda yetkazib berishga qoʻshayotgan favqulodda faolligi uchun” (falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhammedova),
“Oila institutini mustahkamlash boʻyicha oʻtkazilgan qator tadbir va anjumanlarda nutq vositasida fikr va mantiqni ijtimoiy yukini tugal yetkazib berishdagi zamonaviy yondashuvlari uchun” (pedagogika fanlari doktori, professor Nodira Egamberdiyeva),
“Kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish va kitob targʻiboti yoʻlidagi zamonaviy yondashuvlari va ulkan amaliy hissasi uchun” (Alisher Navoiy nomidagi milliy kutubxona direktori Umida Teshaboyeva),
“Oʻzbek tilining rasmiy nutq madaniyatini yuksaltirishga qoʻshayotgan yuksak mahorati va fidokorona xizmatlari uchun” (taniqli jurnalist va publitsist Murtaza Qarshiboyev),
“Xalq ogʻzaki poetik ijodini pedagogik, germenevtik va lingvistik mahorat orqali samarali yetkazishdagi buyuk xizmatlari uchun” (Oʻzbekiston milliy universiteti Oʻzbek mumtoz adabiyoti kafedrasi dotsenti, marhum ustoz Omonulla Madayev).
“Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda diniy mavzulardagi chiqishlari orqali maʼrifiy islomni qatʼiy himoya qilishdagi jonbozligini uchun” (Jaloliddin Hamroqulov),
“Yoshlarda diplomatik etiket, verbal va noverbal muloqot koʻnikmalarini oshirishga qoʻshgan hissasi uchun” (“Spiker” notiqlik klubi rahbari Ikrom Xudoybergenov)lar taqdirlandilar.
Tantanali tadbirda Ichki ishlar vazirning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi, podpolkovnik Roʻziyev Xurshidbek Xasanovich, Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar xizmati boshligʻi, polkovnik Mahsumov Xamza Valixonovichlar ishtirok etib, tadbir tashkilotchilariga Ichki ishlar vazirining esdalik qoʻl soati topshirildi.
Shuningdek, Vazirlar mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent Davlat Oʻzbek tili va adabiyoti universiteti qoshidagi “Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi” mutasaddi rahbarlari aynan sohaga oid kitoblari bilan gʻoliblarni ragʻbatlantirdilar.
IIV Axborot xizmati




