Sirdaryo viloyati hududida 2024-yil yakuni boʻyicha jinoyatchilikka qarshi kurashish, uning oldini olish, jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash borasida yigʻilishi boʻlib oʻtdi
2025-01-26 10:30:00 / Yangiliklar

Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari, polkovnik Saidkarim Nishonboyev ishtirokida 2024-yil sarhisobiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Tadbirda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, oʻrinbosarlari, sohaviy xizmat rahbarlari, tuman va shahar ichki ishlar organlari boshliqlari hamda ularning oʻrinbosarlari ishtirok etdi.
Yigʻilish avvalida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi polkovnik Sandjar Djabarov tomonidan 2024-yil davomida viloyatda huquqbuzarlik va jinoyatlarni barvaqt oldini olish, sodir boʻlgan jinoyatlarni issiq izida fosh etish, jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligi hamda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar hamda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar yuzasidan axborot berildi. Yigʻilish tanqidiy va tahliliy ruhda oʻtdi.
Vazir oʻrinbosari har bir ichki ishlar organi xodimining oʻzi xizmat intizomi va qonunchilikka qatʼiy amal qilishi, xizmat vazifasiga vijdonan yondashishi, asosiysi vatanga, xizmatga va xalqiga sadoqatli boʻlishi lozimligini taʼkidlab, 2025-yilda viloyatda ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar muhokama qilinib, har bir yoʻnalish boʻyicha barcha ustuvor vazifalar belgilandi.
Yigʻilish soʻngida Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, polkovnik Saidkarim Nishonboyev soha xodimlariga berilgan vazifa va topshiriqlarni vijdonan bajarishga, fuqarolar xavfsizligi hamda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishda tamomila yangicha tizim asosida ish tashkil etish boʻyicha oʻz tavsiyalarini berib oʻtib, Vatanimiz tinchligi va el-yurt osoyishtaligini taʼminlash yoʻlidagi koʻp yillik fidokorona xizmatlari, jinoyatchilikka qarshi kurash va uni oldini olish borasida mardlik va jasorat namunalarini koʻrsatib, hamkasblariga oʻrnak boʻlib xizmat qilib kelayotgan bir guruh xodimlar ragʻbatlantirildi.
Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati






