Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov tomonidan Qashqadaryo viloyatida hisobot yigʻilishi oʻtkazildi
2025-01-25 15:00:00 / Yangiliklar

Videoselektor shaklida tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimi Murodjon Azimov, viloyat, tuman va shahar sektor rahbarlari, Ichki ishlar vazirligi sohaviy xizmatlarining mutasaddilari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va harbiy soha tashkilotlari, shuningdek hamkor idoralarning rahbarlari hamda viloyatning barcha mahallalarining yettiliklari toʻliq tarkibda qatnashdilar.
Taʼkidlanishicha, mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashning yangi mexanizmlarini joriy etish borasida samarali chora-tadbirlar amalga oshirilgani bilan birga mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishning tashkiliy-profilaktik asoslarini zamon talablariga moslashtirish hamda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish tizimining samaradorligini yanada oshirish dolzarb vazifa boʻlib qolmoqda.
Shunga qaror talablaridan kelib chiqqan holda, respublika idoralararo muvofiqlashtirish ishchi guruhi va uning Qashqadaryo viloyati boʻyicha tarkibi tuzilib, masʼul davlat organlari va tashkilotlarining rahbarlari 2025-yilda huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasi boʻyicha mahalla – tuman – viloyat kesimida biriktirildi hamda javobgarlik yuzasidan ogohlantirildi, ushbu masalaga masʼuliyatsizlik bilan yondashgan mutasaddilarga taʼsir choralarini koʻrish mexanizmi ishlab chiqildi.
Viloyat, 16 ta tuman va shahar, shuningdek 832 ta mahallalar kesimida yoʻl xaritalari tasdiqlanib, 137 ta “qizil” toifadagi kriminogen vaziyati ogʻir mahallalar barcha tuman va shahar sektor rahbarlariga, Milliy gvardiya qoʻriqlash xizmati va ichki ishlar organlari boshliqlariga nomma-nom biriktirildi, ularning ish natijadorligi esa har oy yakunida – Ichki ishlar vaziri, har chorak yakunida – Bosh prokuror hamda har yarim yilda Bosh vazir huzurida muhokama qilinishi rejalashtirildi.
Yakkabogʻ tumanidagi “Aygʻirkoʻl” mahallasida namunali xavfsiz yoʻlak hamda Koʻkdala tumanidagi “Xoʻjaobod” mahallasida namunali xavfsiz koʻcha yaratildi.
Ichki ishlar vazirligi sohaviy xizmat rahbarlariga qaror bilan yangi tashkil etilayotgan profilaktika kichik inspektori, migratsion profilaktika boʻlinmalari, tumanlararo maʼmuriy konvoy va maʼmuriy amaliyot guruhlari hamda profilaktika bosh inspektori lavozimlarini joriy qilish va tegishli shtat birliklarini shakllantirish boʻyicha vazifalar yuklatildi.
Tadbir jarayonida masʼullarning axborotlari tinglanib, ular tomonidan bildirilgan takliflar ijroga qaratildi hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha aniq manzilli ishlar belgilandi.









