Surxondaryo viloyati IIB boshligʻining birinchi oʻrinbosari podpolkovnik Baxtiyor Inoqov huzurida Termiz shahrida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish borasidagi ishlar sarhisob qilindi
2025-01-15 10:20:00 / Yangiliklar

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan keyingi yillarda sohani xalqparvar tizimga aylantirishga qaratilgan koʻplab normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Buning natijasida ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurash, uning barvaqt oldini olish, jamoat tartibini saqlash, fuqarolar va yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish borasidagi roli tobora oshib bormoqda. Eng muhimi, ichki ishlar organlari xodimlarining xalq ichiga kirib borishlari sezilarli darajada oʻsib borishi kuzatilmoqda.
Surxondaryo viloyati IIB boshligʻining birinchi oʻrinbosari, podpolkovnik Baxtiyor Inoqov huzurida 2024-yilning 12 oyi davomida Termiz shahri hududida kriminogen vaziyatni yaxshilash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, uning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Ushbu oʻtkazilgan yigʻilishda oʻtgan bir yil davomida bu borada yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklar chuqur tanqidiy tahlil qilindi. Viloyat IIB va Termiz shahar Ichki ishlar boshqarmasi masʼullari ishtirok etgan muhokamada har bir mahallani jinoyatdan holi manzilga aylantirish borasida hamkorlikda amalga oshirish lozim boʻlgan takliflar oʻrtaga tashlandi.
Har qanday huquqbuzarlik va jinoyatchilik holatlarining oldini olish borasidagi harakatlar avvalo, mahallalarda keng jamoatchilik ishtirokida tashkil etilishi alohida ahamiyat kasb etadi. Shu boisdan har bir profilaktika inspektori “Mening mahallamda jinoyat sodir boʻlmasligi kerak!” shiori ostida harakat qilishi va bu borada kerak boʻlsa, qoʻshimcha kuch va vositalarning koʻmagida amaliy ishlarga qoʻl urishi lozimligi taʼkidlandi.
Shuningdek, shaxsiy tarkibning xizmat intizomi va qonunchilikka rioya etishi, korrupsiya va tamagirlikka yoʻl qoʻymaslik borasida xodimlarga tegishli topshiriqlar berildi.
Tanqidiy-tahliliy ruhda oʻtgan yigʻilishda, oʻtgan bir yil davomida hududlarda yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish, yoʻl harakat xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilikni oldini olishda mahallabay, fuqarobay ish tizimidan foydalanish va boshqa vazifalar boʻyicha zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati




