Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 33-yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri boʻlib oʻtdi
2025-01-14 16:00:00 / Yangiliklar
Tadbirda oʻz hayotini el-yurt osoyishtaligini saqlashdek ulugʻ va oliyjanob ishga bagʻishlab, jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarni oldini olishda fidoyilik bilan xizmat qilib kelayotgan ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi hamda faxriylar va xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan xodimlarning oila aʼzolari qatnashdilar
Tantanali marosimda Ichki ishlar vaziri Poʻlat Bobojonov mamlakatimiz Qurolli Kuchlarining muhim asosi boʻlgan ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar haqida toʻxtalib, tizimni fuqarolarga oʻz vaqtida va sifatli xizmat koʻrsatadigan, har bir xodim Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilishni – oliy burchi deb biladigan, barcha saʼy-harakatlarini inson qadri uchun yoʻnaltirgan professional tuzilmaga aylanganligini alohida taʼkidlab, sohada xizmat qilayotgan barcha xodimlarga bayram tabrigini yoʻlladi.
Tadbir davomida xodimlarning xizmati yuksak eʼtirof etilib, Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Davlatimiz rahbarining farmoni asosida 10 nafar ichki ishlar organlari xodimlari davlat mukofotlariga, shuningdek Ichki ishlar vaziri Poʻlat Bobojonovning buyrugʻi bilan 432 nafar shaxsiy tarkib va faxriylar turli idoraviy mukofotlarga sazovor boʻldilar. Shu bilan birga maxsus unvonlar taqdim etildi.
Bayram tadbirida faxriylar, mukofotga sazovor boʻlgan xodimlar hamda jamoatchilik vakillari soʻzga chiqib, Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish sharafli burch ekanligini taʼkidladilar.