Ichki ishlar vazirligi akademiyasi va Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
2024-12-28 23:40:00 / Yangiliklar

Tadbir oldidan taʼlim muassasalari rahbarlari Rustam Xatamov va Muzaffar Komilov oʻzaro muloqot qilib, dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar. Uchrashuvda mintaqamiz va jahonda geosiyosiy jarayonlar tobora keskinlashayotgani, yoshlarni buzgʻunchi mafkuraviy taʼsirlardan asrash dolzarb ahamiyat kasb etayotgani taʼkidlandi.
Bunday murakkab sharoitda diniy ekstremizm va radikalizm tahdidlaridan ogoh boʻlish, yot gʻoyalar va maʼnaviy xurujlarning oldini olish, aholi, ayniqsa yoshlar orasida huquqiy-maʼrifiy targʻibotlar taʼsirchanligini oshirish, mamlakatimiz xavfsizligi va barqarorligini mustahkamlash muhimligi qayd etildi.
Muloqot chogʻida taʼlim sohasidagi hamkorlik masalalariga ham eʼtibor qaratildi. Oʻquv muassasalari rahbarlari tajriba almashinuvini yoʻlga qoʻyish ijobiy natija berishini taʼkidlab, hamkorlik toʻgʻrisidagi hujjatni imzoladilar.
Shundan soʻng Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori hamda magistratura tinglovchilari ishtirokida davra suhbati tashkil qilindi. Tadbirda hozirgi paytda kuchayib borayotgan tahdid va xatarlar, diniy ekstremizm va radikalizm bilan bogʻliq muammolar, terrorizmning mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikka taʼsiri, turli buzgʻunchi gʻoyalarning tarqalishida asosiy omil boʻlayotgan jihatlar, radikalizm va zoʻravon ekstremizmga qarshi kurashish masalalari xususida atroflicha soʻz yuritildi.
Shu kuni akademiya rektori oʻquv dargohi faoliyati bilan tanishib, kadrlar tayyorlash jarayonidagi innovatsion yondashuvlar, nazariya va amaliyot uygʻunligiga qaratilgan mexanizmlar, taʼlimni raqamlashtirish borasidagi yutuqlarni ijobiy baholadi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati









