Gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini kuchaytirish, huquq va imkoniyatlarini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar
2023-10-07 14:00:00 / Yangiliklar

Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi oʻrni va mavqeyi oshib bormoqda. Gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini kuchaytirish, huquq va imkoniyatlarini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar IIV Akademiyasida oʻtkazilgan ilmiy-amaliy anjumanning asosiy mavzusi boʻldi.
Anjumanda Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisi Malika Qodirxonova, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Ozoda Parpiboyeva, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi direktori Muqaddam Rasulova, taʼlim muassasasi professor-oʻqituvchilari va kursant qizlari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida Akademiya rahbari Rustam Xatamov xotin-qizlar masalasi “Inson qadri uchun” degan gʻoya asosida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanligini taʼkidladi.
Qayd etilganidek, keyingi olti yilda xotin-qizlar masalalariga oid 40 dan ziyod qonun hujjatlari qabul qilindi. Bugungi kunda 2 ming nafarga yaqin xotin-qizlar davlat va jamoat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlarida xizmat qilmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 33 foizi, Senat aʼzolari hamda mahalliy kengashlar deputatlarining 25 foizi xotin-qizlar ekanini taʼkidlash joiz. Bundan olti yil avval oliygohlarda 110 ming nafar xotin-qiz tahsil olgan boʻlsa, hozirgi vaqtda bu raqam qariyb besh barobar koʻpayib, oliy taʼlim olayotgan talabalar orasida qizlar ulushi 50 foizga yetdi.
– Mamlakatimizning bu borada olib borayotgan islohotlari xalqaro reyting agentliklari tomonidan ham yuqori baholanmoqda. Xususan, “Open Data Watch” tashkilotining Ochiq gender maʼlumotlari indeksida Oʻzbekiston 195 davlat orasida 18-oʻrinni qayd etib, dastlabki yigirmatalikdan joy oldi. Ayollarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi rolini tubdan oshirishga qaratilgan islohotlar Yangi Oʻzbekistonning jahon hamjamiyatidagi nufuzi oshishiga xizmat qilmoqda, – dedi Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisi Malika Qodirxonova.
– Yurtimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini taʼminlash, oila institutini har tomonlama mustahkamlash boʻyicha eng quyi boʻgʻingacha kirib boradigan vertikal tizim yaratilgan. Asosiy maqsadimiz har bir ayol, ayniqsa ijtimoiy himoyaga muhtoj, oilasida nizoli vaziyatlar bor boʻlgan xotin-qizlarga har tomonlama koʻmaklashishdir, – dedi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Ozoda Parpiboyeva.
Ilmiy-amaliy anjumanda xotin-qizlar bilan manzilli ishlash, ularni oʻqitish, kasb-hunarga yoʻnaltirish, muammolarini hal qilishga koʻmaklashish, ayniqsa jamiyatda oʻz oʻrnini topa olmagan, adashib jinoyat koʻchasiga kirib qolgan ayollarni reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirish, xotin-qizlar oʻrtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar, davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan keng imkoniyat va imtiyozlar eʼtirof etildi. 2030-yilga qadar Oʻzbekistonda gender tenglikni taʼminlash strategiyasi va uni amalga oshirish boʻyicha belgilangan ustuvor maqsad hamda vazifalar haqida maʼlumot berildi.
Tadbir doirasida “Ishga marhamat” monomarkazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan oʻquv kurslarini tamomlagan kursantlarga sertifikatlar topshirildi. Shuningdek mehmonlar Akademiya kursant qizlari uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, xususan, ularni kasb-hunarga yoʻnaltirish, turmushga tayyorlash maqsadida yoʻlga qoʻyilgan toʻgaraklar hamda taʼlim jarayoniga tatbiq qilingan innovatsion yondashuvlar bilan tanishdilar.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati
