IIV Akademiyasiga Koreya milliy politsiya agentligi va taʼlim muassasalari vakillaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi
2024-11-27 11:20:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston va Koreya Respublikalari oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik doirasida amalga oshirilgan tashrif avvalida mehmonlar akademiya faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Delegatsiya aʼzolariga taʼlim jarayonlari, bakalavriat va magistratura bosqichlari, professional kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan mutaxassislik yoʻnalishlari, akademiyaning moddiy-texnika bazasi va zamonaviy imkoniyatlari haqida maʼlumot berildi. Kriminalistik ekspertizalar kafedrasi bilan tanishish asnosida mehmonlar nazariy va amaliy mashgʻulot xonalari, maxsus laboratoriyalar hamda oʻquv tezkor-tergov guruhi uchun moʻljallangan texnik vositalarga alohida qiziqish bildirdilar.
Oʻzaro muloqot chogʻida taʼlimdagi ilgʻor yondashuvlar boʻyicha tajriba almashish, raqamli kriminalistika yoʻnalishida oʻquv kurslarini tashkil etish, ilmiy-amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalarida fikr almashildi. Xorijiy mehmonlar ikki tomonlama aloqalar rivojlanib borayotganini eʼtirof etib, hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Eslatib oʻtamiz, yurtimizga tashrif davomida koreyalik mutaxassislar Ichki ishlar vazirligi va Toshkent shahar IIBBdagi ekspert-kriminalistika markazlari faoliyati bilan tanishib, Malaka oshirish institutida ekspert-kriminalistlar va professor-oʻqituvchilar uchun interfaol mashgʻulot oʻtkazadilar.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati





