Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida soha vakillarining joriy yilning oʻn oyi davomida qonunbuzarliklarning oldini olish hamda jinoyatchilikka qarshi kurashishga oid faoliyati muhokama qilindi
2024-11-14 10:30:00 / Yangiliklar

IIB rahbariyati, mustaqil boshqarmalar, sohaviy xizmatlar hamda hududiy ichki ishlar boshqarma va boʻlimlari masʼullari ishtirokida oʻtgan yigʻilishni viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, general-mayor Gʻayrat Qodirov boshqarib bordi.
Videoaloqa tarzida kechgan tadbir avvalida umumiy jinoyatchilik tahlil qilinib, kamchiliklarga yoʻl qoʻyganlar tanqid ostiga olindi. Chunonchi, Zarbdor, Arnasoy, Mirzachoʻl va boshqa bir necha tumanlarda ayrim turdagi jinoyatlarning oshganligi qayd etildi. Shuningdek, “Xavfsiz hudud – dolzarb 50 kun” maxsus profilaktik tadbirini samarali tashkil qilish, jamoat xavfsizligini taʼminlash, yoʻl-ulov hodisalarining oldini olish, profilaktika inspektorlarining faoliyatini kuchaytirish, jinoyatlarni qisqa muddatlarda fosh etish singari masalalarga eʼtibor qaratildi.
Oʻz navbatida, sohaviy xizmatlar va hududiy ichki ishlar boshqarma va boʻlimlari mutasaddilarining hisobotlari tinglanib, ularga kriminogen vaziyatni oʻnglash yuzasidan topshiriqlar berildi. Shuningdek, mamlakatimiz Prezidentining 2024-yil 23-sentyabrdagi “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori yuzasidan qilingan ishlar koʻrib chiqildi.
Maʼlum qilinishicha, 3- sektordagi mahallalarda yashovchi 25 ming 306 kishi kambagʻallikdan chiqarilgan. Bunga 8 milliard 302 million soʻm kredit, 1 milliard 937 million soʻm subsidiya ajratilishi, 3 ming 584 kishini doimiy, 4 ming 320 kishini mavsumiy ish oʻrinlari bilan taʼminlash, 817 kishini kasb-hunarga oʻqitish, 573 kishini tadbirkorlikka yoʻnaltirish kabi chora-tadbirlar natijasida erishilgan.
Yigʻilishda “Yashil makon” umummilliy loyihasini hayotga tatbiq qilish masalasi ham muhokama qilindi. Maʼlumot oʻrnida aytish kerak, bu yil kuzda ichki ishlar organlari xodimlari 5 ming tup mevali daraxtga ega bogʻlarni yuzaga keltirishni rejalashtirishyapti. Shu maʼnoda sugʻorish tizimlari tortish, zaruriy agrotexnik tadbirlarni bajarish yuzasidan topshiriqlar berildi. Yigʻilish yakunida koʻtarilgan barcha masalalar boʻyicha vazifalar belgilab olindi.
Jizzax viloyati IIB axborot xizmati




