Ichki ishlar vazirligi markaziy gospitali tashkil etilganligining 70-yilligi hamda tibbiyot xodimlari kuniga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi
2024-11-08 19:50:00 / Yangiliklar
Soʻngi yillarda mamlakatimizda sogʻliqni saqlash tizimi tubdan isloh qilinib, sohaning moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi, tizimga ilgʻor davolash va diagnostika usullari, innovatsion texnologiyalar keng tatbiq etilib ulkan yutuqlarga erishilmoqda.
Mazkur islohotlar ichki ishlar organlari tibbiyot tizimida ham oʻz aksini topmoqda. Ichki ishlar organlari tibbiyot xodimlarining samarali faoliyati natijasida soha xodimlari vatan osoyishtaligi yoʻlida sogʻ-salomat xizmat qilayotganini eʼtirof etmaslikning iloji yoʻq.
Bugun ana shunday oʻz kasbiga fidoiy boʻlgan tibbiyot xodimlarining kasb bayrami arafasida hamda Ichki ishlar vazirligi Markaziy gospitali tashkil etilganligining 70-yilligi munosabati bilan Ichki ishlar vazirligi Markaziy gospitalida Esdalik monumentining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari general-mayor Davron Nazarmuxamedov ishtirok etib, sohada erishilgan yutuqlar haqida toʻxtaldi, tibbiyot xodimlarining kelgusi ezgu faoliyatlarida ulkan zafarlar tiladi.
Shundan soʻng, Ichki ishlar vazirligi Markaziy gospitali tashkil etilganligining 70-yilligi hamda tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan vazirlik “Jar” majmuasida tantanali bayram tadbiri tashkil etildi. Unga Ichki ishlar vazirligi rahbariyati, sohaviy xizmat masʼullari, faxriylar shuningdek sogʻliqni saqlash hamda huquqni muhofaza qilish organlari vakillari tashrif buyurdilar.
Bayram tadbirini ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov ochib berib, bugungi kunda yurtboshimiz tomonidan tibbiyot sohasiga berilayotgan katta eʼtibor va yaratilayotgan sharoitlar haqida soʻz yuritdi.
Tadbir jarayonida bir guruh tibbiyot xodimlariga davlat mukofotlari hamda vazirlikning idoraviy koʻkrak nishonlari, qimmatbaho esdalik sovgʻalar va pul mukofotlari taqdim etildi.
Tadbir davomida tashrif buyurgan yuqori martabali mehmonlar, davlat organlari va tashkilot mutasaddilar, soha vakillariga bayram tabriklarini yetkazdilar.
Bayram tadbiri vazirlik ansambli xonandalari tomonidan tayyorlangan konsert dasturida, Vatanni madh etuvchi va tibbiyot xodimlarining mashaqqatli mehnatlariga bagʻishlangan kuy va qoʻshiqlar barchaga bayramona kayfiyat bagʻishladi.