Qoraqalpogʻiston Respublikasi. Boʻzatovda jinoyatchilik kamaymoqda
2024-11-05 22:00:00 / Yangiliklar

Boʻzatov deganda koʻpchilikning xayoliga, beixtiyor, qoraqalpoq xalqining buyuk shoiri Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻlining “Boʻzatov” poemasi keladi.
Ushbu asar faqat joy nomi bilan bogʻliq boʻlib qolmasdan, unda oʻsha davrdagi keskin ijtimoiy-siyosiy jarayonlar oʻzining yorqin ifodasini topgan.
Tuman 1979-yilda tashkil topgan. 2004-yili Kegeyli tumani tarkibiga qoʻshilgan tuman 2019-yil sentyabr oyida yana qayta tashkil etilgan. Umumiy maydoni 2035,44 kv. km. boʻlgan Boʻzatov Moʻynoq, Qoʻngʻirot, Qonlikoʻl, Kegeyli, Chimboy va Nukus tumanlari bilan chegaradosh. Markazi — Qozonketkan shaharchasi.
Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish guruhi xodimlari ham zimmalaridagi vazifalarni oʻz vaqtida, toʻlaqonli bajarib kelishmoqda.
Joriy yilning 9 oyi davomida 431 nafar fuqaroga xorijga chiqish pasporti, 1275 nafariga esa ID-kartalar berilgan. Shu bilan birga, MDH davlatlardan kelgan 49 nafar chet el fuqarosi vaqtincha roʻyxatga qoʻyilgan.
21 mingdan ziyod aholi istiqomat qilayotgan tumanda bugungi kunda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, hamda fuqarolar xavfsizligini taʼminlashda qator ijobiy natijalar qoʻlga kiritilmoqda.
Xususan, joriy yilning 9 oyi davomida hududlarda olib borilgan ishlar natijasida umumiy jinoyatchilik oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 14,3 foizga kamayishiga erishildi. Albatta, bunda “mahalla-tuman” tamoyili asosida joylarda mahalla faollari bilan hamkorlikda profilaktik tadbirlar toʻgʻri yoʻlga qoʻyilgani muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Hududda 5 ta fuqarolar yigʻini mavjud. Ulardan 3 tasi “yashil”, 2 tasi “sariq” toifaga kiritilgan, -deydi tuman IIB boshligʻi, polkovnik Umida Kurbanbayeva. Ayni paytda barcha fuqarolar yigʻinlarini jinoyatdan holi hududlarga aylantirish maqsadida hamkorlikda qizgʻin ish olib borilyapti.
Hududlarga biriktirilgan profilaktika inspektorlari tomonidan shu paytga qadar huquqbuzarliklar yuzasidan 784 ta maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, tazyiq va zoʻravonlikka uchragan 46 nafar xotin-qizga himoya orderlari berilgan.
Tuman IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan oʻtgan vaqt mobaynida 7 ta jinoyat ishi tergov qilinib, sudga oshirilgan. Sodir etilgan jinoyat holatlarini tahlil qilib qaraydigan boʻlsak, ulardan 4 tasi oʻgʻrilik, 2 tasi firibgarlik, 1 tasi noqonuniy ov qurolini saqlash bilan bogʻliq ekanini koʻrishimiz mumkin.
Jinoyatlarni fosh etishda tergovchidan yuqori kasbiy bilim, qolaversa, ziyraklik va eʼtibor talab qilinadi. Chunki jinoyatda ahamiyatsizdek koʻringan kichik bir detalning oʻzi uning ochilishida asqatishi mumkin.
Shu bois mazkur jihatlarni sohaviy xizmat xodimlarida mustahkam qaror toptirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda.
Tuman IIBda samarali xizmat qilib kelayotgan yosh xodimlardan biri Jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakili, katta leytenant Shahzod Jumamuratovdir. Yosh xodim qisqa faoliyati davomida 4 ta jinoyatni ochishga muvaffaq boʻldi. Oʻtgan yili Qoraqalpogʻiston Respublikasi miqyosida oʻtkazilgan koʻrik-tanlovda muvaffaqiyatli ishtirok etib, “Eng yaxshi tezkor xodim” nominatsiyasi gʻolibiga aylandi.
Bugungi kunda joylardagi muammolarni hal etishda sektorlar faoliyati muhim ahamiyat kasb etmoqda. Tuman 3-sektoriga biriktirilgan “Koʻksuv” ovul fuqarolar yigʻinida hozirgi kunda 606 ta xonadon mavjud boʻlib, ularda 3970 nafar aholi istiqomat qiladi.
Hududda olib borilgan oʻrganishlar davomida yil boshida 90 ta oila “Temir daftar”ga, 39 nafar yigit-qiz “Yoshlar daftari”ga, 108 nafar xotin-qiz “Ayollar daftari”ga kiritildi.
Aholining ushbu ehtiyojmand qatlami sektor ishchi guruhi tomonidan har tomonlama qoʻllab-quvvatlab kelinmoqda.
©️ “Postda” gazetasi, Azamat Pirniyazov.
