Profilaktika xizmati: Elning koʻrki er bilan, erning koʻrki ter bilan
2024-10-21 02:15:00 / Yangiliklar

Odatdagidek kunbotarda mahallani bir sira aylanib chiqqan profilaktika inspektori, katta leytenant Shahzod Hasanov xizmat xonasiga kirib, yurituvidagi hujjatlarga maʼlumotlarni kirita boshladi. Ammo katta leytenant ishini oxiriga yetkaza olmadi. Chunki mahallaga oʻrnatilgan kuzatuv kameralari tasvirlarini oʻzida jamlovchi monitorda ikki oʻspirinning yoqalashayotganiga koʻzi tushgandi.
Shu bois janjalni bartaraf qilish uchun 10-sonli oʻrta umumtaʼlim maktabi tomon yugurdi. Biroz kech yetib kelgan boʻlishiga qaramasdan, oʻsmirlar mushtlashishga ulgurganliklari qizargan yuz va boʻyinlari, chang kiyimlaridan sezilardi. Profilaktika inspektori oʻquvchilarni ajratib, ularni xizmat xonasi tomon boshladi. Shu bilan birga, kelishmovchilikni befarq tomosha qilgan oʻnga yaqin yoshga dashnom berishni unutmadi.
Katta leytenant “mushtumzoʻrlar”ning ota-onalari yetib kelgunga qadar bolalarga tan jarohati yetkazish va bezorilik oqibatlarini tushuntirdi.
Oradan 20 daqiqa oʻtar-oʻtmas, masala ota-onalar, mahalla fuqarolar yigʻini raisi, yoshlar yetakchisi va profilaktika inspektori ishtirokida muhokama qilindi. Oʻz navbatida, farzandlarning taʼlim-tarbiyasiga eʼtiborsiz qaraganliklari uchun U.S. hamda M.Sh.ning ota-onalariga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Ertasi kuni masala maktabda uyushtirilgan yigʻilishda koʻrib chiqildi.
Katta leytenant Shahzod Hasanovning shu singari saʼy-harakatlari natijasida Zafarobod tumanining 7 ming 138 kishi istiqomat qiladigan “Uzun” mahallasida joriy yilda birorta ham jinoyat qayd etilmadi.
Profilaktik tadbirlarni oʻz vaqtida amalga oshirib, yaxshi natijalarga erishayotganligi sababli mahalla ahlining koʻngliga yoʻl topayapti. Aytgancha, oʻtgan yili jinoyat qidiruv tizimida faoliyat koʻrsatadigan hamkasbi, katta leytenant Suhrob Tolliboyev bilan birga fermer xoʻjaligi dalasidan suv nasoslari oʻgʻirlanishiga oid jinoyatni fosh qildi.
Tergovga qadar surishtiruv davomida gumon qilinuvchilar Paxtakor, Mirzachoʻl, Sharof Rashidov, Doʻstlik tumanlarida ham ayni mazmundagi oʻndan ortiq qonunbuzarliklarni sodir etganliklari maʼlum boʻldi.
Alijon ABDUSATTOROV, oʻz muxbirimiz.
Jizzax viloyati.
