Yoʻl qoidasi — umr foydasi. Taʼsirchan targʻibot tadbirlari
2024-10-15 21:30:00 / Yangiliklar

Bugun mamlakatimizda aholining turmush farovonligi tobora yuksalib, shaxsiy avtomashinasiga ega boʻlgan yurtdoshlarimiz kundan-kunga koʻpaymoqda.
Transportlarning koʻpayganiku yaxshi: fuqarolarning uzogʻi yaqin, mushkuli oson boʻladi. Ammo yoʻllardagi tirbandliklar hamda yoʻl-transport hodisalarining oldini olish masalasi tobora muhim ahamiyat kasb etib, yoʻl-patrul xizmati xodimlarining masʼuliyatini yanada oshirib boraveradi.
Shu bois yoʻl qoidalari targʻibotiga jiddiy eʼtibor qaratib, eng taʼsirchan va samarali usullardan foydalanyapmiz, — deydi Fargʻona viloyati IIB JXX YHXB Axborot guruhi katta inspektori, kapitan Elbek Qobilov.
Xususan, joriy yilning oʻtgan davrida ommaviy axborot vositalari orqali 1334 marotaba yoʻl harakati qoidalarini targʻib qiluvchi axborot va maʼlumotlar ommaga yetkazildi. Haydovchilar, piyodalar hamda velosipedchilarni ogohlikka chorlovchi 24 600 ta maxsus bukletlar va eslatmalar tayyorlanib, jamoatchilikka tarqatildi.
Yoʻl-transport hodisalarining ayanchli oqibatlarini fuqarolarga yetkazish maqsadida 53 marotaba targʻibot avtokarvoni tadbirlari oʻtkazildi.
Katta inspektorning qayd etishicha, targʻibot avtokarvoni harakat ishtirokchilarini ogohlikka chorlashda eng taʼsirchan tadbirlardan biri boʻlmoqda.
Masalan, yaqinda shunday avtokarvon Fargʻona shahrining Qirguli mavzesi koʻchalarida aylanib, politexnika instituti hovlisida toʻxtadi. Shu yerda haydovchilar, talaba-yoshlar uchun yoʻl-transport hodisasi natijasida ayanchli holga kelib qolgan mashinalar va tan jarohati olgan fuqarolarning maketlari koʻrgazmali tarzda namoyish etildi.
Bolalar ishtirokidagi yoʻl-transport hodisalarining oldini olish maqsadida umumtaʼlim maktablarida ham 1572 marotaba targʻibot-tashviqot tadbirlari, uchrashuvlar hamda oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazildi.
Shuningdek, mahallalarda 1302 marotaba, korxona va tashkilotlarda 883 marotaba uchrashuvlar tashkil etildi.
Xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yoʻllarida haydovchilar kuchli charchoq tufayli uxlab qolishi yoki tezlikni meʼyoridan oshirishi koʻp kuzatiladi. Bu esa baxtsiz hodisalarni keltirib chiqarishi, begunoh odamlarni mayib-majruh qilishi mumkin.
Shuni hisobga olgan holda haydovchilarning hushyorligini oshirish maqsadida A-373 “Toshkent-Oʻsh” xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yoʻli va 4R-112 “Fargʻona halqasi” davlat ahamiyatidagi avtomobil yoʻllarida 125 ta hushyorlikka chorlovchi maxsus bannerlar oʻrnatildi.
Keyingi yillarda aholi orasida skuter, moped, elektrosamokatlardan ulov sifatida foydalanish koʻpaydi. Ammo ayrim hollarda ushbu transport vositalarini yosh bolalar yoki ayollar boshqarishi natijasida yoʻl-transport hodisalari sodir boʻlayotgani achchiq haqiqatdir.
Shu bois soha xodimlari aholi orasida uchrashuvlar oʻtkazib, skuter, moped, elektrosamokatlar ham transport vositasi hisoblanishi, ularda harakatlanganda, albatta, boshqa transport vositalari singari, yoʻl harakati qoidalariga amal qilish shartligi tushuntirilmoqda. Aks holda, koʻngilsiz holatlar yuz berishi mumkinligidan ogohlantirilyapti.
©️ “Postda” gazetasi, Abduvosit Sidiqov, Fargʻona viloyati.
