Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi podpolkovnik Ikromjon Tursunov Gʻijduvon tumanining Paxtaobod mahallasida sayyor qabul oʻtkazdi
2024-10-12 09:00:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilish, fuqarolarni qiynayotgan muammolarni hal etishning samarali mexanizmi ekanligi oʻz isbotini topdi desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Markazdan tortib olis qishlogʻu ovullargacha yetib borgan rahbarlar yurtdoshlarimizning yillar davomida toʻplanib qolgan muammolarini aniqlab, joyida bartaraf etmoqdalar.
Xuddi shu maqsadda, Buxoro viloyati 3-sektor rahbari, Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi Ikromjon Tursunov ham Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Buxoro viloyatidagi Xalq qabulxonasi hamda viloyat hokimligi tomonidan tasdiqlangan grafik asosida hududlarda boʻlib, bevosita aholining mavjud muammolarini oʻrganish, ularni tezkorlik bilan bartaraf etish maqsadida sayyor qabullar oʻtkazmoqda.
Navbatdagi sayyor qabul Gʻijduvon tumanining Paxtaobod mahallasida oʻtkazildi.
Oʻtkazilgan sayyor qabulda Xalq qabulxonasining Gʻijduvon tumani boʻyicha vakillari, viloyat 3-sektor shtabi aʼzolari, tuman sektor rahbarlari, tegishli tashkilot va idoralar masʼullari ishtirok etishdi.
Qabul davomida 15 nafar fuqarolarning 20 ga yaqin turli masalalardagi murojaatlari birma-bir koʻrib chiqildi.
Jumladan, ish bilan taʼminlash, moddiy yordam, tadbirkorlikni kengaytirishda amaliy yordam berish, subsidiya asosida tikuv mashinasi olishda koʻmaklashish, oliy taʼlim muassasasining toʻlov kontrakti uchun taʼlim krediti ajratish borasidagi masalalar koʻtarildi.
Murojaatlarning aksariyati shu kunning oʻzida hal etildi. Qoʻshimcha oʻrganish va qonuniy qaror qabul qilish uchun muddat talab qilgan murojaatlar yuzasidan aniq va manzilli chora-tadbirlar belgilandi.
Albatta, bu kabi sayyor qabullarni oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad xalq bilan faol va ochiq muloqot olib borish, avvalo inson huquq hamda manfaatlarini taʼminlash orqali xalqimizning farovon, baxtli hayot kechirishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratishdan iboratdir.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati






