IIV Akademiyasida Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi Qutbiddin Burxonov bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi
2024-09-26 11:05:00 / Yangiliklar

Oʻquv dargohi rahbariyati, professor-oʻqituvchilar hamda magistratura tinglovchilari ishtirok etgan tadbir Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlarga bagʻishlandi.
Qoʻmita raisi jamiyat hayotining barcha jabhalarida roʻy berayotgan oʻzgarishlarga toʻxtalar ekan, xalqimiz ongida yangicha dunyoqarash, atrofimizdagi yangilanishlarga daxldorlik hissi ortib borayotganini eʼtirof etdi.
– Chindan ham, keyingi sakkiz yil ichida demokratik huquqiy davlat va ochiq fuqarolik jamiyatini qurish yoʻlida qatʼiy qadam tashladik. Yurtimizda inson qadri yuksaldi, odamlarni rozi qilish, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, qonun ustuvorligiga erishish mamlakat taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini taʼminlashning ustuvor mezoniga aylandi. Muhtaram Prezidentimizning ochiq ichki va tashqi siyosati tufayli Oʻzbekiston jadal oʻzgarishlarga yuz tutayotgan davlat sifatida eʼtirof etila boshlandi, – dedi Qutbiddin Burxonov.
Uchrashuvda mamlakatimiz hayotida tub burilish yasagan konstitutsiyaviy islohotlar, yangilangan Konstitutsiyamizdagi ustuvor tamoyillarning mazmun-mohiyati va pirovard maqsadi, qonun ijodkorligi sohasidagi yangiliklar, qolaversa, shu yilning oktyabr oyida boʻlib oʻtadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatlari saylovining oʻziga xos jihatlariga toʻxtalib oʻtildi.
Taʼlim muassasasi rahbari Rustam Xatamov islohotlar davrida ichki ishlar organlari fuqarolarimizning qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlaydigan tizim sifatida shakllanib borayotganini alohida qayd etdi. Ayniqsa huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan mexanizmlarning amaliyotga samarali tatbiq etilayotgani mahallalarni obod va xavfsiz hududga aylantirishda muhim ahamiyat kasb etayotgani aytib oʻtildi.
– Xalqchil tizim, bu avvalo, odamlarning dardu tashvishi bilan yashash, tinch-osuda hayotini taʼminlash, kunu tun el-yurt ravnaqi uchun xizmat qilish degani. Buning uchun har bir xodim oʻz ishiga sidqidildan yondashishi, har qanday sharoitda ham ona Vatanimiz va xalqimiz manfaatlarini ustun qoʻyishi, daxldorlik hissini amalda namoyon etishi kerak, – dedi akademiya boshligʻi.
Tadbir yakunida magistraturada taʼlim olayotgan boʻlajak rahbar kadrlarga zarur tavsiyalar berildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati







