Navoiyda viloyat Ichki ishlar organlari otaligʻidagi 2-sonli umumtaʼlim maktabida vatanparvarlik tadbiri tashkil etildi
2024-09-24 09:00:00 / Yangiliklar

Otaliqqa olingan maktablarga metodik yordam koʻrsatish, muassasaning oliy taʼlim bilan qamrov darajasini oshirish, shuningdek, oʻquvchilarni qonunga itoatkorlik va milliy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida Navoiy shahrida joylashgan 2-sonli umumtaʼlim maktabida vatanparvarlik tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda IIV Navoiy akademik litseyi va harbiy sport maktabining oʻquvchi yoshlarining ishtiroki taʼminlandi. Navoiy viloyati IIB boshligʻi oʻrinbosari, akademik litsey direktori hamda soha faxriylari soʻz olib, oʻquvchilarning bilim olishi, sport bilan shugʻullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgani, bundan unumli foydalanish lozimligi haqida taʼkidladi.
Shuningdek, yurt sharafini munosib himoya qilib olimpiya chempioni boʻlgan opa-akalari singari chin vatanparvar yoshlar qatorida boʻlishlarida muvaffaqiyat tilashdi.
Soʻngra, oʻquvchi-yoshlar ishtirokida tashkil etilgan zakovat intellektual oʻyinini ham ochib berishdi.
Oʻquvchilar IIB sohaviy xizmatlari — Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadi, Kinologiya xizmati, Ekspert kriminalistika markazi xodimlari tomonidan maktab hovlisida tashkillashtirilgan koʻrgazmani tomosha qilish jarayonida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda foydalaniladigan texnika va maxsus avtomashinalar bilan yaqindan tanishishdi.
Harbiy majmualar va izquvarlik uskunalarining vazifasi, turi boʻyicha koʻplab savollarga mutaxassis xodimlardan javob olishdi. Kinolog va xizmat itlarining qiziqarli chiqishlari esa oʻquvchilarda oʻzgacha taassurot qoldirdi.
Oʻtkazilgan mazkur tadbir ertamiz umidlarini kelgusida vatan ravnaqi va osoyishtaligi yoʻlida xizmat qilishga chorlashi, qalbida ichki ishlar xodimi boʻlish istagini uygʻotishga xizmat qilgani shubhasiz.
Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati





