IIV huzuridagi jazoni ijro etish departamenti tanlov eʼlon qiladi
2024-09-14 22:45:00 / Yangiliklar
Elektron savdo sohasi boʻyicha tajribaga ega yuridik shaxs hisoblangan tadbirkorlik subyektlari diqqatiga!
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-apreldagi PQ-5050-son “Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlar tomonidan qonun bilan taqiqlanmagan buyumlarni erkin bozor mexanizmlariga asoslangan elektron doʻkonlar orqali sotib olish imkoniyatini yaratish vazifasi yuklatilgan.
Mazkur vazifa ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligi huzuridagi jazoni ijro etish departamenti va uning tasarrufidagi muassasalarning bino va inshootlaridan samarali foydalanish hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 358-son qaroriga koʻra jazoni ijro etish muassasalariga elektron savdo sohasida tajribaga ega boʻlgan yuridik shaxs hisoblangan tadbirkorlarni (investor) jalb etgan holda oʻrnatish belgilangan.
Mazkur qarorlar ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi jazoni ijro etish departamenti investitsiya kiritish asosida Jazoni ijro etish muassasalariga Fase-ID identifikatsiya tizimi mavjud boʻlgan infokiosklarni oʻrnatish uchun elektron savdo sohasida tajribaga ega boʻlgan yuridik shaxs hisoblangan tadbirkorlarni hamkorlikka taklif etadi.
Tanlovda qatnashish istagida boʻlgan tadbirkorlik subyektlari vakillaridan quyidagilar talab qilinadi.
Jumladan,
1. Tadbirkorlik subyektining nizomi va guvohnomasi;
2. Tadbirkorlik subyektining faoliyati haqida maʼlumot (1-yildan ortiq elektron savdo sohasida faoliyat koʻrsatgan boʻlishi kerak);
3. Xizmat koʻrsatuvchi bank tomonidan Tadbirkorlik subyekti toʻgʻrisida maʼlumotnoma;
4. Face-ID identifikatsiya tizimi mavjud boʻlgan infokiosklar orqali elektron savdo qilish imkoniyatini beruvchi dasturga ega ekanligi va ushbu dastur imkoniyatlari haqida batafsil maʼlumot;
(Texnik xarakteristikasi, imkoniyatlari, qulayligi, xavfsizlik talablariga javob berishi v.h.z)
5. Muassasalarga oʻrnatish taklifi berilayotgan Fase-ID identifikatsiya tizimi mavjud boʻlgan infokiosklarning texnik xarakteristikasi, fotosuratlarini ilova qilgan holda;
6. Davlat soliq inspeksiyasi tomonidan investor tashkiloti toʻgʻrisida hamda yuridik shaxsning moliyaviy holati, soliq va boshqa yigʻimlardan qarzdorligi yoʻqligi haqida maʼlumot;
7. Investorning moddiy-texnika bazasi, ishchilari, logistika bazasi, kuch va vositalari (ombor, transport) toʻgʻrisida maʼlumot;
8. “Kiberxavfsizlik” DUK dan olingan ruxsatnoma;
9. Jazoni ijro etish muassasalariga Face-ID identifikatsiya tizimi mavjud boʻlgan infokiosklarni oʻrnatish uchun kiritmoqchi boʻlgan investitsiya miqdori, infokiosklar soni va investitsiya kiritish hisobiga qoʻyayotgan talabi;
10. Mahkumlardan elektron qabul qilgan buyurtmalarni yetkazib berish muddati, mahsulotlarni mahkumlarga sotishda ularga qoʻyilayotgan narx va sifati.
Maʼlumot tariqasida: Talabgorning takliflari va investitsiya miqdoridan kelib chiqib olti oydan uch yilgacha shartnoma tuziladi.
Talabgorlar oʻz takliflarida jazoni ijro etish muassasalariga infokiosk oʻrnatishdan tashqari, jazoni ijro etish muassasalari faoliyatini raqamlashtirish boʻyicha qoʻshimcha investitsiya kiritishlari, daromadlaridan jazoni ijro etish muassasalari moddiy-texnik bazasini yaxshilash boʻyicha ulush ajratishlarini nazarda tutishlari mumkin, bu tanlov gʻolibini aniqlashda ijobiy koʻrsatkich sifatida baholanadi.
Mazkur shartlar boʻyicha hamkorlik qilish istagida boʻlgan tadbirkorlik subyektlari (Yuridik shaxs, Oʻzbekiston Rezidenti) oʻz takliflarini 2024-yil 5-oktyabr kuniga qadar quyidagi manzilga yuborishlari mumkin.
Fase-ID identifikatsiya tizimi mavjud boʻlgan infokiosklar (elektron doʻkon) oʻrnatiladigan jazoni ijro etish muassasalari va ularning manzili (ilova).
Murojaat uchun manzil:
Toshkent viloyati, Zangiota tumani, Bogʻzor MFY Qorasuv koʻchasi 32 uy (Oʻzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti, murojaat uchun telefon raqamlar: 71 231-54-76,
71 231-45-60).