Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonovning Mustaqilligimizning 33-yilligi munosabati bilan bayram tabrigi
2024-08-31 23:20:00 / Yangiliklar
Hurmatli hamkasblar!
Ichki ishlar organlari xodimlari, harbiy xizmatchilari, taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, tinglovchi-kursantlari, soha faxriylari hamda yurtimiz tinchligini himoya qilib, xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan xodimlarning oila aʼzolarini Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 33-yilligi bayrami bilan samimiy tabriklayman.
Mamlakatimizda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahbarligida hamma sohalarda keng koʻlamdagi islohotlar boshlanib, izchil davom ettirilmoqda.
Maʼlumki, bugun yurtimizda “Barcha islohot va oʻzgarishlar – inson qadrini yuksaltirish uchun” degan ezgu tamoyil asosiy shiorga aylandi.
Bundan maqsad – eng chekka hududlarda ham xavfsiz va har bir fuqaro uchun munosib sharoitlarni yaratish, aholining turmush farovonligini oshirishdan iborat.
Yangi Oʻzbekiston davrida ichki ishlar organlari faoliyati ham tubdan takomillashtirildi, tizimni xalq manfaatlari yoʻlida xizmat qiladigan xalqchil va professional tuzilmaga aylantirishga qaratilgan islohotlar oʻtkazildi.
Xodimlarning kundalik faoliyatiga zamonaviy raqamli texnologiyalar va ilm-fan yutuqlari joriy etildi, quyi tizimlarda ham munosib xizmat sharoitlari yaratilib, xodimlarni ijtimoiy-huquqiy himoya qilish yanada mustahkamlandi.
Jinoyatchilikka qarshi kurashish va bevosita mahallalarda xavfsizlikni taʼminlash borasida boshqa huquq-tartibot idoralari bilan yaqindan hamkorlik oʻrnatildi.
Yurtimizda barcha yoʻnalishlarda amalga oshirilayotgan islohotlar oʻzining ijobiy natijasini bermoqda.
Xususan, turli xorijiy xalqaro tashkilotlarning xavfsizlik koʻrsatkichlari boʻyicha jahon reytinglarida mamlakatimiz yuqori koʻrsatkichlarga erishib bormoqda.
Biroq, bugun dunyoda va mintaqamizda turli tahdid va xatarlar kuchayib borayotgan bir sharoitda, bebaho boyligimiz boʻlgan tinchlik-osoyishtalikni koʻz qorachigʻiday asrash, uni himoya qilish eng muhim vazifa ekanligini har birimiz bir daqiqa boʻlsada, unutmasligimiz zarur.
Maʼlumki, bu yilgi mustaqillik bayrami “Bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” degan bosh gʻoya asosida nishonlanmoqda.
Oʻylaymanki, ichki ishlar organlarining har bir xodimi zimmamizdagi masʼuliyatni chuqur anglab yetgan holda, yurt osoyishtaligini asrash va jamoat xavfsizligini taʼminlash yoʻlida fidoyilik va sadoqat bilan xizmat qiladi.
Fursatdan foydalanib, barchangizga sihat-salomatlik, uzoq umr, baxt-saodat, masʼuliyatli va sharafli xizmat faoliyatingizda muvaffaqiyatlar tilayman!
Poʻlat Bobojonov,
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri,
general-leytenant.