Jinoyat muhokamasi. Qoidalar — intizom asosi
2024-08-28 22:00:00 / Yangiliklar

Keyingi vaqtlarda yurtimiz yoʻllarida haydovchilar, piyodalarning yoʻl harakati qoidalariga amal qilmasligi oqibatida sodir boʻlayotgan koʻngilsiz hodisalar yuragimizga gʻashlik solayotgani bor gap.
Ayniqsa, oyogʻini gaz tepkisidan uzolmay qolayotgan baʼzi shoshmashoshar haydovchilarning qoidabuzarligi sabab tan jarohati va oʻlim bilan bogʻliq hodisalardan qancha qalblar parchalanib, kimlarningdir hayoti oʻz mazmunini yoʻqotmoqda.
Eng yomoni, bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida doimiy ravishda Yoʻl-patrul xizmati xodimlari tomonidan targʻibot ishlari olib borilayotganiga qaramay, qoidabuzarlar oʻz bilganidan qolishmayapti. Oqibatda esa ayanchli yakun, soʻnggi pushaymon befoyda.
Joriy yilning 20-iyul kuni soat 6 lar atrofida Samarqand viloyati Nurobod tumani “Jarquduq” MFY hududi-dan oʻtuvchi 4R 54 avtomobil yoʻlining 23-kilometrida “Ingichka-Kattaqoʻrgʻon” yoʻnalishida yoʻl-trasport hodisasi sodir boʻladi.
“Nexia-3” rusumli avtomashinada harakatlanayotgan haydovchi va bir nafar yoʻlovchi tuman shifoxonasiga yotqizilgan.
Yoʻl-transport hodisasining sabablari oʻrganilganda, haydovchining eʼtiborsizligi, yaʼni charchoq alomatlari tufayli rulda uxlab qolgani, oqibatda esa yoʻlning keskin burilish joyida boshqaruvni yoʻqotib, mashina agʻdarilgani maʼlum boʻlgan.
Achinarlisi, avtomobilning old oʻrindigʻidagi yoʻlovchi shifokorlarning tibbiy muolajalariga qaramasdan, shifoxonada vafot etgan.
“Jarquduq” MFYda bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida viloyat IIB JXX YHXB boshqarmasi boshligʻi, YPX inspektorlari, tuman hokimligi vakillari, mahalla faollari hamda keng jamoatchilik ishtirokida muhokama yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Oqibati juda achinarli boʻlgan holatlarning oldini olishda amaliy ishlarni mahalladan boshlab, oila va har bir xonadonda kuchaytirish zarur, — deydi viloyat IIB JXX YHXB boshligʻi, polkovnik Shavkat Boyxoʻrozov. — Bunda esa yetti yoshdan yetmish yoshgacha boʻlgan fuqarolar u yoʻlovchi boʻladimi, haydovchi boʻladimi, harakat ishtirokchisi sifatida masʼuliyatni his etishi kerak.
Barcha birgalikda bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilmas ekan, noxush holatlarning oldini olish qiyinlashadi. Bu borada targʻibot ishlarini olib borish faqatgina soha xodimlarining ishi, deyish notoʻgʻri.
Chunki odamlarning jamoat joylarida, umuman yoʻllarda harakatlanish madaniyatining shakllanishi koʻp jihatdan ularning oʻzlariga ham bogʻliq.
Shu bois barcha haydovchilardan, yoʻlovchilardan yoʻl harakati qoidalariga qatʼiy amal qilishlarini soʻrayman.
Shuningdek, muhokama yigʻilishida haydovchilarning yolda hushyorlikni yoʻqotishi, ayniqsa, charchaganda avtomashina ruliga oʻtirishi va qoidalarga bepisandligi qator muammolarga sabab boʻlishi taʼkidlandi.
Nafsilamrini aytganda, har bir amalimizda eʼtiborli boʻlish oʻzimizni asrash sari qoʻyilgan birinchi qadamdir. Yoʻl harakati qoidalari ham talab, ham xavfsizligimiz uchun yozib qoʻyilgan, faqat amal qilishimiz shart boʻlgan eʼtibor yoʻriqnomasidir.
Qoidalar buzish uchun yozilmasligini anglaganimiz holda, shaxsiy namuna koʻrsata olsak, turli koʻngilsizliklarga barham bergan boʻlamiz.
Toki, oxiri ogʻriqli hodisalar shirin, goʻzal hayotimizga soya solmasin.
©️ “Postda” gazetasi, Gulnoza Turgʻunboyeva, Samarqand viloyati.
