Asosiy kontentga o'tish

Kasb fidoyisi. Sabr — yutuq kaliti

2024-08-18 11:00:00 / Yangiliklar

Darvoqe, haq gap. Axir, “Sabr qilgan — yetar murodga” degan maqol bu fikrni tasdiqlaydi. Hayotda bunga misollar ham, sabr qilib, mashaqqatlarni yenggan va jamiyatda koʻpchilikka oʻrnak boʻlib kelayotgan insonlar ham koʻp.

Lavhamiz qahramoni viloyat IIB Ekspert-kriminalistika markazi bosh eksperti, podpolkovnik Istam Alimov sabr-toqatli, mehnatkash inson. U qariyb 19-yildan beri shu sohaning ichida yurib, jinoyatlarni fosh qilish va jamiyatda adolat qaror topishi uchun oʻz umrini, bilimini, salohiyati va mehnatini ayamay kelmoqda.

IIV Akademiyasini tamomlab, 2005-yilda xizmat faoliyatini boshlagan boʻlsa, bugunga qadar u koʻplab jinoyatlarni ochishda ishtirok etdi. Birgina joriy yilning oʻzida voqea joylarida 42 ta ekspertiza tekshiruvini oʻtkazgan boʻlsa, ulardan 39 ta holatda jinoyatni ochuvchi ashyoviy dalillar olinishiga erishdi.

Yana 53-marta tergov harakatlarida, 78-marta tezkor-qidiruv harakatlarida qatnashdi. Uning hushyorligi va koʻmagi bilan koʻplab jinoyatlar “issiq izida” ochilishiga erishildi.

Ashyoviy dalillar jinoyatni fosh qilish va qonun adolatini taʼminlashda nihoyatda muhim sanaladi, — deydi Istam Alimov.

Shuning uchun ham har bir tekshiruvda oʻz vazifamga masʼuliyat bilan yondashishga harakat qilaman. Asosiysi, hech bir detalni eʼtibordan chetda qoldirmaslik lozim.

Podpolkovnik Istam Alimov 6 yoʻnalishda ekspert tekshiruvlarini oʻtkazish uchun maxsus ruxsatnomalarga ega.

Bularga u, albatta, oʻqib-oʻrganib, oʻz ustida ishlab, tajribalar orttirgan holda erishgan. Shu maʼnoda, qahramonimiz oʻta tirishqoqligi bilan boshqalarga oʻrnak koʻrsatib kelmoqda.

U bunday fazilatlari tufayli 2021-yilda ichki ishlar organlarining III darajali “Benuqson xizmatlari uchun” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan.

Istam Alimov boʻsh vaqtida detektiv romanlar mutolaa qilishni xush koʻradi. Albatta, kitobsevar ota sifatida farzandlariga kitoblar sovgʻa qilishga, ular bilan birga kitob yarmarkalariga borishga ham vaqt topadi.

©️ “Postda” gazetasi, Feruza Rahmonqulova, Surxondaryo viloyati.

414

Oxirgi yangilanish: 2024-08-18 11:03:28

Kasb fidoyisi. Sabr — yutuq kaliti