Soha fidoyilari. Xato qilishga haqqi yoʻq
2026-07-06 23:00:00 / Yangiliklar

IIB qabulxonasiga kirib kelgan otaxonning mahzun va biroz hayajonli nigohida ikkilanish bor edi. U podpolkovnik Nasridin Sayfidinovning roʻparasiga keldida, qoʻlidagi tugunni stol ustiga qoʻyib, sekin ochdi. Mato ichidan yillar davomida yashirincha saqlab kelingan eski ov quroli chiqdi.
Mahallada oʻtgan uchrashuvda aytgan gaplaringiz qalbimga yetib bordi, — dedi otaxon chuqur xoʻrsinib. — Qonunsizlik bor joyda baraka boʻlmaydi. Bu qurol uyda turganidan koʻra, sizlarga topshirganim maʼqul.
Nasridin aka otaxonning qoʻlini mahkam qisib, minnatdorlik bildirarkan, koʻnglidan bir fikr oʻtdi: demak, qilingan targʻibotlar behuda ketmapti.
Podpolkovnik N. Sayfidinov boshqarayotgan nazorat-litsenziyalash guruhining vazifasi ham aslida shu — insonlar qalbiga yoʻl topish orqali sodir etilishi mumkin boʻlgan fojialarning oldini olish.
Hayot xuddi kitobga oʻxshaydi, uning har bir sahifasi insonni ulgʻaytiradi, toblaydi. Nasridin aka 2001-yil Fargʻona viloyati IIB Oʻquv markazining oddiy tinglovchisi edi. Oʻshanda sohaga ilk qadamini qoʻygan yosh yigit el osoyishtaligi uchun masʼul boʻlish nechogʻlik ogʻirligini qalban his qilgan.
Nazorat-litsenziyalash tizimida ishlash xuddi mina qidiruvchining mehnatiga oʻxshaydi — xato qilishga haqqi yoʻq. Nasridin aka viloyatdagi kimyoviy moddalar saqlanadigan omborlarni koʻzdan kechirar, ovchilik doʻkonlari, bosmaxonalar va tirlar faoliyatini qonun tarozisiga solarkan, hushyorlikni bir soniyaga ham yoʻqotmaydi.
Joriy yilning besh oyi oʻziga xos sinov pallasi boʻldi. Uning rahbarligida olib borilgan profilaktik ishlar natijasida 30 ta noqonuniy qurol va yuzlab oʻq-dorilar ichki ishlar organlariga ixtiyoriy topshirildi.
Shuningdek, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xodimlari bilan birgalikda oʻtkazilgan 205 ta tezkor reyd davomida noqonuniy ov qilgan va daraxtlarni shafqatsizlarcha kesgan kimsalar aniqlanib, tabiatga yetkazilgan zarar undirildi.
©️ “Postda” gazetasi, Jahongir Toʻxtasinov, Namangan viloyati.
