Ichki ishlar vazirligi rahbariyati Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boʻlinmalari faoliyatini oʻrganmoqda
2026-06-24 10:00:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari – Jamoat xavfsizligi departamenti boshligʻi general mayor Rustam Djurayev xizmat safari doirasida Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurib, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boʻlinmalari faoliyati bilan tanishdi, xizmat va jangovar tayyorgarligi olib borilayotgan bir qator xizmatlar hamda oʻquv-mashgʻulot obyektlarini borib koʻrdi, xodimlarning xizmat oʻtash sharoitlari, moddiy-texnika taʼminoti darajasi, shuningdek, ichki ishlar organlari tizimida amalga oshirilayotgan tashkiliy va amaliy chora-tadbirlar bilan tanishdi, masʼul rahbarlarning hisobotlarini tingladi, taqdimotlar bilan tanishib, tegishli topshiriqlar berdi.
Xususan, viloyat IIB Jamoat tartibini saqlash patrul-post xizmati boshqarmasida birinchi oʻrinbosar xizmatni tashkil etish, xodimlarning jangovar va jismoniy tayyorgarlik darajasi, favqulodda vaziyatlarda harakatlanish koʻnikmalari, kiyim-bosh va jihozlar holati, xizmat xonalari, navbatchilik qismi hamda maxsus texnika holati bilan tanishdi. Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar boʻyicha patrul-post xizmati bataloni komandiri axborot berdi.
Rustam Djurayev Qashqadaryo viloyati kasaba uyushmalari tashkiloti va muvofiqlashtiruvchi shtab xodimlari ishtirokida oʻtkazilgan yigʻilishda ishtirok etib, “Ayollar daftari” va “Ayol.gov.uz” axborot platformasiga kiritilgan muammolarni hal etish, shuningdek, ogʻir hayotiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar va oilalarga, jumladan, oilaviy-maishiy munosabatlar sohasida huquqbuzarliklar sodir etilgan oilalarga manzilli ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisobotlarni tingladi.
Viloyat IIB huzuridagi voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazida markazning yangi binosi va imkoniyatlari taqdimoti oʻtkazildi. Muassasa rahbari markaz faoliyati haqida hisobot berdi. Rustam Djurayev faoliyatni yanada takomillashtirish, profilaktika va reabilitatsiya ishlari samaradorligini oshirish boʻyicha topshiriqlar berdi.
Viloyat IIB JXX Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasida yoʻl-patrul xizmati inspektorlarining xizmat sharoitlari, maʼmuriy amaliyot markazi faoliyati, boʻlinmalarning moddiy-texnika taʼminoti oʻrganilib, yoʻl-transport hodisalarining oldini olish boʻyicha olib borilayotgan ishlar va istiqbol rejalari haqida YHXB boshligʻi polkovnik O. Murodov axborot berdi.
Bundan tashqari, yangi oʻquv-mashgʻulot poligoni “Qoʻngʻirtogʻ”da yaratilgan shart-sharoitlar va moddiy-texnika bazasi, shuningdek, oʻquv jarayoni tashkil etilishi hamda favqulodda vaziyatlarda harakatlanish koʻnikmalarini mashq qilish boʻyicha mashgʻulotlar oʻrganildi.
Shuningdek, kinologiya xizmati faoliyati ham oʻrganilib, xizmat itlarini tashkil etish, saqlash va tayyorlash masalalari koʻrib chiqildi.
Barcha yoʻnalishlar boʻyicha jamoat xavfsizligi xizmatini yanada takomillashtirish, shaxsiy tarkibning jangovar shayligini oshirish va xizmat intizomini mustahkamlashga qaratilgan aniq vazifalar belgilab berildi.
IIV JXD Axborot xizmati




